Qishloqda klaster tizimi — agrar sektorining asosiy oʻsish nuqtasi

    Agrosektor 27 Oktabr 2020 1815

    Davlatimiz rahbari joriy yil 13-oktyabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida qishloq ahli bilan boʻlib oʻtgan suhbatda: “Qishloq xoʻjaligining barcha yoʻnalishlaridagi klasterlar joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishning lokomotivi boʻlishi kerak”, hamda “klaster tizimi – bu manfaatdorlik, sohaga ilm-fan va innovatsiyaning kirib kelishi, qishloq xoʻjaligining kelajagi va raqobatbardosh boʻlishi demakdir”, deb taʼkidladilar.

    Yurtboshimizning bugungi qishloq xoʻjalik sohasidagi klasterning oʻrnini munosib baholaganidan ilhomlanib Sirdaryo viloyatidagi agroklasterlar rahbarlarining respublika agroklasterlari vakillariga murojaat bilan chiqishini Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati oʻz sahifasida yoritadi.

    Qayd etish lozimki, qishloqda klaster tizimi agrar tarmoq iqtisodiyotining “asosiy oʻsish nuqtasi” sifatida belgilandi. Bu yangi yoʻnalish qishloq xoʻjaligiga sanoatni olib kirish, xomashyoni chuqur qayta ishlab, raqobatbardosh tayyor mahsulot va qoʻshilgan qiymat hajmini koʻpaytirish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratishda muhim rol oʻynaydi.

    Prezidentimizning koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurash sharoitida tadbirkorlikni, jumladan, agroklasterlarni qoʻllab-quvvatlashga oid qator farmonlari soxa vakillariga qaratilgan yuksak gʻamxoʻrlik va eʼtiborning yana bir yorqin namunasi sanaladi.

    Oʻz vaqtida qabul qilingan ushbu hujjatlarga muvofiq suv soligʻi 50 foizga qisqartirildi, tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan toʻlov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushirildi, olingan kreditlar foizlarini toʻlash muddati uzaytirildi.

    Eng asosiysi, paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 2019-yilda paxta yetishtirish uchun olingan kreditlarni qaytarish muddati kechiktirildi. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan yordam berish koʻlami yana-da kengaytirildi.

    Paxta xomashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasi toʻliq bekor qilinib, qishloq xoʻjaligida erkin bozor tamoyillari shakllana boshladi.

    Sirdaryolik tadbirkorlar, agroklaster rahbarlari yaratib berilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlardan foydalangan holda, soʻnggi uch-toʻrt yilda xomashyoni qayta ishlashdan tortib, tayyor mahsulot yaratishgacha boʻlgan faoliyat yoʻnalishlarida 1,7 trillion soʻmlik loyihalarni amalga oshirib, 5 mingdan ortiq doimiy yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishdilar. Bu muhim ishlarni izchil davom ettirib, 2020-2021-yillarda qoʻshimcha ravishda 3,2 trillion soʻmlik loyihalarni bajargan holda, yana 12 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratishni, reja qilib olgan.

    Sirdaryolik klaster rahbarlarining respublikamizning barcha tadbirkorlari va agroklaster rahbarlariga qaratilgan murojaatida bugun yeng shimarib, gʻayrat-shijoat bilan ishlash dolzarb vazifa ekanligi, davlatimiz rahbarining islohotlariga “labbay” deb javob beradigan vaqt kelgani oʻzgacha ilhom bilan eʼtirof etiladi.

    Xususan, murojaatda shunday deyiladi:

    Birinchidan, faoliyatimizdagi tashkiliy masalalarni yana bir bor tahliliy koʻrib chiqib, “Bugungi pandemiya sharoitida aholiga qanday yordam bera olamiz?” degan nuqtayi nazardan kelib chiqib, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni qaytadan rejalashtirib olaylik.

    Ikkinchidan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan yangi loyihalarni ishlab chiqib, kelgusi ikki yilda ishsiz aholining toʻliq bandligini, barqaror daromad olishini, turmush sharoiti yaxshilanishini va kambagʻallikdan chiqishini taʼminlaylik.

    Uchinchidan, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, raqamli texnologiyalarni joriy qilish, resurs tejovchi zamonaviy usullarni koʻllash va qishloq xoʻjaligida mexanizatsiya darajasini oshirish orqali mahsulot ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va hosildorlikni oshirish hisobiga manfaatdorlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qarataylik;

    Toʻrtinchidan, bugungi pandemiya sharoitida mamlakatimiz mavqeyini jahon miqyosida yana-da koʻtarish uchun xalqaro bozorlarga yuqori sifatli tayyor mahsulotlarni yetkazib berib, davlatimizning eksport salohiyatini oshirishga oʻzimizning munosib hissamizni qoʻshaylik.

    Hurmatli hamkasblar!

    Yurtboshimiz va xalqimizning bizga erkin tadbirkor boʻlib, katta daromad va foyda topish orqali badavlat boʻlish imkoniyatini bergani va yuksak ishonchi uchun cheksiz mamnunmiz.

    Sizni ham jonajon Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yoʻlida oldimizda turgan ulkan va masʼuliyatli vazifalarni ado etishda sidqidildan, halol va fidokorona mehnat qilishga chaqiramiz!