Aholisi 7000 kishiga yaqin. Olay va Turkiston tizmalaridan boshlanadigan Oqsuv va Koʻksuv soylari qishloq yonida qoʻshilishidan Shohimardonsoy hosil boʻladi. Bu yerning zilol va shifobaxsh suvlari, muqaddas ziyoratgohlari, koʻkka tutash purviqor togʻlariyu dilbar tabiati har yili yuz minglab sayyohlarni oʻziga chorlab keladi.

Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida qishloq ahlini va sayyohlarni mamnun etuvchi xushxabar tarqaldi. “Oʻzbekgidroenergo” AJ hamda “Hydro4U” hamkorlikda yangi GES qurilishiga texnologik uskunalar keltirish uchun Yevropa Ittifoqining grant mablagʻlarini jalb qilishga erishdi. Bu haqda poytaxtimizda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Horizon 2020” dasturi doirasidagi “Hydro4U” – Markaziy Osiyoda barqaror kichik energetika” loyihasining yillik yigʻilishida maʼlum qilindi.

— Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Yevropaning ilgʻor 12 ta akademik va oliy taʼlim muassasalari hamda 1 ta ishlab chiqaruvchi korxonasi ishtirokida “Hydro4U” konsorsiumi tashkil etilgan, — deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJning bosh boshqarmasi boshligʻi Suratilla Ismatov. — Jamiyatimizning mazkur konsorsium bilan hamkorlikda olib borilgan ishlari natijasida Shohimardon qishlogʻiga quvvati 2,2 MVtlik, umumiy qiymati 2 million yevroga teng GES qurilishiga texnologik uskunalar keltirish uchun Yevropa Ittifoqining 1 million yevrolik grant mablagʻlari jalb qilinadigan boʻlindi.

Shu bilan birga, jahonda ushbu yoʻnalishda yetakchi boʻlgan Avstriyaning “Global Gidro” kompaniyasi bilan texnologik uskunalar keltirish uchun shartnoma imzolanadi. Hozirda mazkur kompaniya tomonidan texnologik uskunalar ishlab chiqarishga kirishilgan. Loyihadagi qurilish-montaj ishlari, elektr energiyasini uzatish va mexanik uskunalarni keltirish uchun “Oʻzbekgidroenergo” AJning qariyb 12 milliard soʻmlik oʻz mablagʻlari yoʻnaltiriladi.

Ushbu GESning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga qoʻshimcha oʻrtacha 12 800 ming kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi taʼminlanishi kutilmoqda. Bu esa, Shohimardonda yashovchi qariyb 7000 nafar aholi yoki 2100 ta xonadonning elektr energiyasiga boʻlgan talabini toʻligʻicha uzluksiz qondirishi barobarida ushbu hududda ishlab chiqarish va sayyohlikni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Bundan tashqari, mazkur loyiha doirasida qoʻllanilayotgan blok-modulli mikroGES uskunalari qurilish xarajatlarini qariyb 500 ming yevroga iqtisod qilish imkonini yaratdi. Mustaqil Hamdoʻstlik Mamlakatlari uchun yangi boʻlgan bu modul mikro GESlarini oʻrnatish tajribasi kelajakdagi gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Maʼlumki, Prezidentimiz raisligida shu yil 10-iyun kuni oʻtkazilgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida hududlarda mikro va kichik GESlar qurish uchun maydonlar belgilanib, jami 56 megavattli 200 ta loyiha ishlab chiqilgani taʼkidlangan edi. Chunki, kichik gidroinshootlar muqobil energiyani rivojlantirishning eng samarali yoʻnalishlaridan biri. Ayniqsa, olis masofadagi va yetib borishi qiyin, uzatish liniyalarini yetkazish imkoniyati cheklangan joylarda bunday elektr stansiyalari juda asqatadi. Kichik daryolar, kanallar, suv omborlaridan tushadigan suv oʻzanlari buning uchun qulay manba hisoblanadi.

Abdurauf QORJOVOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri