Hududlarda “Mahallabay” va “xonadonbay” ishlash asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining doimiy daromad manbaini ko'paytirish orqali kambag'allikni qisqartirish chora-tadbirlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning shu yil 5-avgustdagi "Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo'llab-quvvatlash va tadbirkorlik sub'ektlari bilan aholi o'rtasida kooperatsiyani rivojlantirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida" gi qarorida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolayotgan va ishsizlik darajasi yuqori bo'lgan mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo'llab-quvvatlash bo'yicha  Andijon tajribasini respublikaning boshqa hududlarida ham  joriy etish manzillarpi va moliyaviy resurslari  belgilab berildi.

Hujjatda tijorat banklari tomonidan kreditlar “yetakchi»” tadbirkorlik subyektlariga yillik 10 foiz stavkada bitta mahalla uchun 2 milliard so'mgacha miqdorda ajratilishi ko'zda tutilgan. Ushbu yangicha yondashuv Andijon viloyatining o'zida ham xayrli ishlar ko'lamining yanada kengayishiga xizmat qilyapti. Pirovardida og'ir ijtimoiy vaziyatda yashayotgan fuqarolar oilasiga qisqa muddatlarda daromad kirib kelmoqda.

Shahrixon tumanida 50 ming 88 ta xonadon, 80 ming 932 ta oila va 306 ming 380 nafar aholi 76 ta mahallada istiqomat qiladi. Tahlillar ularning 20 tasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan orqada qolayotgani va ishsizlik yuqori ekanini ko'rsatdi. Ushbu mahallalarda aholini turmush sharoitini yaxshilash va rivojlantirish uchun ularning qiziqish-istaklaridan kelib chiqqan holda, turli sohada ish yuritayotgan ”yetakchi” tadbirkorlarga biriktirilgan.

“Oq oltin” mahalla fuqarolar yig'inidagi 107 ta xonadon bilan  “Vodiy invest ziynati” AJ oilaviy korxonasi rahbari Anvarjon Hoshimov o'rtasidagi hamkorlik fikrimiz dalili. Korxona 200 dan 500 boshgacha “Broller” jo'jalarini tarqatib, bir oydan keyin aholidan qayta sotib olyapti. Bundan tadbirkor ham, oilalar ham daromad ko'ryapti.

Misol uchun jamiyatda 40 ming jo'ja parvarishi uchun sharoit bor. Lekin aholi xonadonlaridagi ehtiyoj uch barobar, ya'ni 120 mingta va  undan ham ortiq. Jo'jalarni tarqatish orqali har bir oila egasi 200 tasini parvarish qilishi evaziga 2 million so'mdan yuqori, agar 500 taga imkoni bo'lsa, 3,5 —  4 million so'mdan daromad olmoqda.

—O'zim 5 oylik chaqalog'im bilan uyda o'tirib, 5 nafar farzandimizning ust-boshini butlashga, ro'zg'orni yuritishga qiynalib qolgan edik, — deydi Musharraf Vohidova. — Turmush o'rtog'imga qishloqda ish yo'q. Yaqinda oilamiz “yetakchi” tadbirkorga biriktirildi. Dastlab 200 ta, keyin 400 ta jo'jani parvarish qildik. Hozir bir oyda 4 million so'mgacha daromad olyapmiz.

“Oq oltin” mahallasi o'ta og'ir hududlar sirasiga kiradi. Tuman markazidan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan mahallada ishlab chiqarish korxonasi yo'qligi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan orqada qolganligi bois ishsizlik darajasi yuqori bo'lib kelgan. Sektor va iqtisodiy majmua rahbarlari tomonidan xonadonlar bilan uchrashuv o'tkazilib, tadbirkor bo'lish istagidagi oilalar  “yetakchi”larga biriktirildi.

— SHu asosda  ularning 80 tasi jo'ja parvarishlash tufayli doimiy daromadga ega bo'ldi, —deydi mahalla raisi Baxtiyor Ahmedov. — Jo'jalar ham, ularni boqish uchun maxsus joy ham bepul qurib berilyapti, ozuqa bilan ta'minlanyapti, veterinarlar har ikki-uch kunda nazorat qilib, parvarishlashni o'rgatib boryapti. Fuqarolarimiz  uch mahal donini o'z vaqtida berib, qarovni yaxshi yo'lga qo'ysa, bo'ldi. Jo'jalar etilgach, tadbirkorning o'zi sotib oladi. Buning orqasidan oyiga 4 million so'mgacha daromad topayotganlar bor.

“To'lqin” mahalla fuqarolar yig'inida esa kasanachilik asosidagi tikuvchilik yo'lga qo'yilgan.

 — Tibbiyot xodimlari uchun maxsus kiyimlar aynan, ushbu mahalladan tayyorlanadi,—deydi tadbirkor Xurshida Ahmadjonova.—O'z faoliyatlarini xonadonlarga ko'chirgani bois yosh bolali ayollar ham bir oyda 3-4 million so'mgacha daromad qilishmoqda. Biz Farg'ona fodiysidagi tibbiyot muassasalari bilan 2 milliard so'mga buyurtma olganmiz. Buyurtmani kooperatsiya asosida bajarishga e'tibor qaratilgan. Shuning uchun  xotin-qizlarni avvaliga tikuvchilikka o'rgatib, keyin ish beryapmiz.

—  Turmush o'rtog'im vaqtincha ishsiz, qaynonam nafaqada, 4 ta qizim bor,— deydi tikuvchi Nazokat Mirzayeva.— Shuning uchun ushbu tadbirkorlik bizga juda asqotyapti. Kiyim-kechak tikishning o'zidan kuniga 150 ming so'mgacha daromad topyapman. Bolalarim yonimda, qaynanamga ham qarashning imkoniyati bor.

“Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig'inida esa poyabfzal tikishga asosiy e'tibor qaratilgan. Bu jarayon ham aynan kasanachilik asosida olib borilyapti. Ayni paytda 24 ta xonadonda asosan xotin-qizlar tomonidan oyoq kiyimlar asoslari tayyorlanadi. Mahsulot soniga qarab haq to'lanishi esa, oila vakillarining ishga bo'lgan qiziqishini oshirmoqda.

Marhamat tumanida viloyat iqtisodiy majmuasi tomonidan o'tkazilgan xatlovlarda 76 ta mahalla fuqarolar yig'inidan 12 tasi ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishdan orqada qolayotgani va ishsizlik darajasi yuqori ekani aniqlangan edi. Ushbu maskanlarda 4 ta yo'nalishda yangicha ishlash tizimi joriy qilinib, tadbirkorlar ishsiz fuqarolarning bandligini ta'minlash choralarini ko'rishdi. Natijada, ularning 1 510 tasi “yetakchi” ishbilarmonlarga biriktirildi. 

“Qadrdon do'stlar” mas'uliyati cheklangan jamiyatning 1 gektarlik issiqxonasida bulg'or qalampiri yetishtiriladi. Eksportbop ushbu mahsulotning bozordagi bahorgi narxi 2 dollargacha etadi. Yetakchi tadbirkor endilikda  o'z faoliyatini yanada kengaytirib, rivojlanishdan ortda qolayotgan mahallalar, ish bilan band bo'lmagan aholi xonadonlariga ko'chrishni maqsad qildi. Natijada uning tomorqa er maydoni 8 gektarni tashkil etib, mahsulot yetishtirish hajmi ham ortdi. Bu ishlar, dastlab xonadaonlarga bepul issiqxona qurib berishdan boshlandi. Ikki, to'rt sotixdan qurilayoyotgan issiqxonalarga agronom ham biriktirilgan.

Hisob-kitoblarga ko'ra, bulg'or qalampirining o'zidan bir yilda ikki sotix maydondan 14 million so'mgacha daromad qilish mumkin. Agarda ikkinchi, uchinchi ekinga hamharakat qilinsa, bu ko'rsatkich 4 barobarga ortadi. Misol uchun, Nasibaxon Rasulovaning yaqinda qurilgan issiqxonasida bodiring yetilib qoldi.

— Bulg'or  qalampiri ekilgunga qadar tomorqaga yana uch ekin ekib olamiz, —deydi Nasibaxon.

Tadbirkorlar nafaqat kooperatsiya asosida ish tashkil etishyapti, shu bilan birga mahallalarda xizmat ko'rsatish sohasini ham yo'lga qo'yib, aholiga munosib ish o'rinlari yaratyapi. Misol uchun o'tgan yili “Birlik” qishlog'i og'ir vaziyatda edi. Aholi bandligida muammolar talaygina, hatto komunikatsiya tarmoqlari eskirib, muddatini o'tab bo'lgandi. “Yetakchi” tadbirkor tomonidan 5 milliard so'm evaziga bu qishloqqa yangi guzar majmuasi qurildi. 15 ta xizmat ko'rsatish turi, sport maydonlari, chevarxona, to'yxona va choyxona qishloq aholisi uchun chinakam tuhfa bo'ldi.

 Sohiba Turg'unova ham shu vaqtgacha ishsiz edi. Ikki nafar farzandi bilan biror bir yumushni qo'lini tutolmadi. Yangi tashkil qilingan tizim esa, uni yaxshigina kasanachi bo'lishga undadi. Tadbirkor tomonidan berilgan yangi, zamonaviy tikuv mashinasida har kuni, buyurtma asosida mahsulot tayyorlab, 90 — 100 ming so'mdan xaq olmoqda.

 Tumanning olis, rivojlanishdan orqada bo'lgan hududi — Polvontosh qishlog'i. Xatlov natijalari 30 nafar xotin-qizning ishsizligini ko'rsatdi. Izlagan imkon topadi, deganlaridek, mas'uliyati cheklangan jamiyat tomonidan foydalanilmay turgan binoda o'quv va amaliyot xonasi tashkil qilinib, ayollarga tikuvchilik o'rgatildi. Hozir esa, opa-singillarimiz xonadonlarining o'zida buyurma asosida mahsulot tayyorlab, daromad olmoqda.

Muxtasar aytganda, Andijon viloyatida “mahallabay” va “xonadonbay” tizimlari orqali ana shunday xayrli ishlar ko'lami kengayib boryapti. Xatlov natijasida aniqlangan  og'ir ijtimoiy vaziyatda yashayotgan, ish bilan band bo'lmagan fuqarolarning bandligi ta'minlanyapti. To'g'ri avvallari ham shunday ishlar amalga oshirib kelingan. Lekin oilalarga ajratilgan kam foizli kreditlarning qaytarish darajasi o'zini oqlamadi. Shundog'am og'ir vaziyatdagi xonadon egalarining ahvoli bu bilan yanada og'irlashdi.

Endilikda har bir oila, har bir xonadonni tadbirkorlikka jalb qilish, kambag'allikdan chiqarish, turmush sharoitin yaxshilash choralari ko'rilmoqda. Sektor rahbarlari esa infratuzilma masalalari, yo'llarini tartibga keltirish, mahallalarni obod qilishga qaratilgan manzilli dasturlar asosida ijrosini ta'minlashga ko'proq e'tibor qaratmoqda.

G'ayratbek SIROJIDDINOV,

jurnalist

Asrorbek Sobirov olgan suratlar.