Amaldagi qonunchilik talablariga koʻra, Respublikamiz hududiga jismoniy shaxslar tomonidan olib kiriladigan umumiy ogʻirligi 65 grammdan koʻp boʻlmagan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari bojxona toʻlovlariga tortilmasligi belgilangan. Belgilangan meʼyordan ortiq qismiga esa qonunchilik talablari asosida bojxona toʻlovlari undiriladi.
Ayrim hollarda, davlat byudjetiga toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlaridan qochish maqsadida, buyumlarni yashirishga urinayotganlar ham uchramoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari tomonidan “Daut-ota” chegara bojxona postiga qoʻshni Qozogʻiston Respublikasidan kirib kelgan “MAN” rusumli yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan oʻtkazildi.
Natijada, avtotransport vositasi salon qismining orqa devor tomoniga xufiyona tarzda yashirilgan 68 dona jami ogʻirligi 674,8gr.ga teng boʻlgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi. Eʼtiborlisi, ushbu zargarlik buyumlari qimmatbaho metallardan yasalgan boʻlib, ularning dastlabki soʻrovga koʻra qiymati 337,4 million soʻmga teng boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.