Mazkur holat Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Zebuniso Muhammedova tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganildi, deya xabar berdi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili axborot xizmati.
Oʻrganish jarayonida 17-sonli JIEKda Mirzohid ismli bir necha mahkum jazo muddatini oʻtayotganligi, ular orasida Fargʻona viloyatidan faqat bir nafar mahkum Mirzohid Botirov borligi aniqlandi.
Ushbu mahkum sud hukmiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 4-qismi bilan aybli deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
2019-yilning 28-iyul kunidan 17-sonli JIEKda jazo muddatini oʻtab kelmoqda. Hozirda koloniyaning gʻisht ishlab chiqarish sexida ishlamoqda.
Ombudsmanning mintaqaviy vakili Z.Muhammedova mahkum M.Botirov bilan shaxsan uchrashib, suhbat oʻtkazganida, u xabarda yozilgan maʼlumotlarni tasdiqlamadi. Mahkum M.Botirovning soʻzlariga koʻra, koloniya xodimlari tomonidan unga nisbatan hech qanday tazyiq oʻtkazilmagan, hech kim tomonidan kaltaklanmagan va tishlariga ham zarar yetkazilmagan. Shuningdek, u koloniyada unga nisbatan yaxshi munosabatda boʻlinayotganligini, zarur boʻlganda tibbiyot boʻlimi xodimlari tomonidan kerakli muolajalar qilinib, dori-darmonlar berilayotganligini hamda oylik maoshlarini oʻz vaqtida olayotganligini qayd etgan.
Ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan mazkur xabar yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish ishlari davomida mahkumning tanasida va ogʻiz boʻshligʻida ham qiynoq alomatlari topilmadi.
Shuningdek, Ombudsmanning mintaqaviy vakili koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan 5 nafar mahkum bilan ham yakkama-yakka tarzda suhbatlashdi. Suhbat jarayonida ular tomonidan ham ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan murojaatda qayd etilgan holatlar tasdiqlanmadi.