Oʻquv kursida viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 65 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi. Tadbirda asosiy eʼtibor BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, tinglovchilarning qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi bilim va amaliy koʻnikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Tadbir ochilishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov qayd etganidek, har bir shaxsning huquq va erkinliklari yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan boʻlib, ularni hayotga tatbiq etish barcha davlat organlari uchun ustuvor vazifadir.

Oʻzbekiston BMTning Qiynoqqa qarshi konvensiyasiga qoʻshilgani va uning talablarini bajarish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar koʻrayotgani alohida qayd etildi. Shu bilan birga, ichki ishlar, prokuratura va sud organlarida xodimlar uchun muntazam oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilayotgani, jazoni ijro etish muassasalarida jamoatchilik va Ombudsman monitoringlari kengaytirilgani taʼkidlandi.

Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturi orqali huquqiy madaniyatni yuksaltirish, davlat idoralarida ochiqlik va hisobdorlikni taʼminlash, qiynoq holatlarini mutlaqo istisno qilish kabi vazifalar Milliy strategiyaning asosiy yoʻnalishlari ekaniga urgʻu berildi. Akmal Saidov taʼbiri bilan aytganda, “Qiynoqqa qarshi kurash – bu faqat yuridik yoki huquqiy vazifa emas. Bu – insonning qadr-qimmatini hurmat qilish, uning shaxsiy daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan maʼnaviy va axloqiy majburiyatdir. Har bir xodim fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda shaxsan masʼul hisoblanadi”.

Oʻquv kursining birinchi kunida ishtirokchilar qator maʼruzalarni tingladi. Xususan, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turgʻunov Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati haqida atroflicha toʻxtaldi.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshligʻi Alimjan Matchanov qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar, shuningdek, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq toʻgʻrisida xabar berishga oid xalqaro standartlar va Oʻzbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qoʻllanilishi mavzularida soʻz yuritdi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshligʻi Luqmonjon Isoqov qiynoq bilan bogʻliq qilmishlarning oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi haqida maʼruza qildi. Oliy sud sudyasi Sanobar Mamadaliyeva qiynoqqa oid ishlar yuzasidan sud amaliyoti toʻgʻrisida fikr bildirdi.

Birinchi kun doirasida amaliy mashgʻulotlar ham oʻtkazildi. Ishtirokchilar guruhlarga boʻlingan holda turli keyslar ustida ishladilar va qiynoq holatlarini aniqlash boʻyicha amaliy koʻnikmalarni oʻzlashtirdilar.

Kursning ikkinchi kuni qizgʻin maʼruzalar bilan davom etdi.

Kurs davomida nazariy bilimlar amaliy mashgʻulotlar bilan uygʻunlashtirildi. Oʻquv kursi yakunida tinglovchilar bilimlarini baholash maqsadida test sinovidan oʻtdilar. Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati.