Bugungi rivojlangan davrda biz yoshlarga qaratilgan eʼtibor benihoya cheksizdir. Har bir yosh avlod oʻqishi, izlanishi va bilim olishi uchun turli xil tanlovlar va munozarali bahslar oʻtkazib kelinmoqda. Bularning hammasi, albatta, biz uchun. Lekin biz shunday zamonda yashamoqdamizki, ragʻbatlantirishmasa, oʻqiganimizga yarasha javob qaytarishmasa oʻz ustimizda ishlashni susaytirib qoʻymoqdamiz.

Bilamizki, oʻtmishda hech qanday texnika, elektr energiyasi boʻlmagan. Ota-bobolarimiz oxiratni oʻylab, ilmni millati uchun omonat sifatida oʻrganishgan. Bizdagi vaziyat ularnikidan ming chandon yaxshiroqku. Ularga qimmatbaho sovgʻalar, avtomobillar berishmasa ham oʻz ustida tinimsiz ishlaganlar-ku. Bularning barchasi bugungi kun yoshlari uchun achinarli, albatta. Ajdodlarimizda kitob yetishmovchiligi kuzatilsa ham ular toʻxtashmagan. Biz esa, ragʻbatlantirishmasa, qoʻllab-quvvatlashishmasa, oʻqi, izlan deb taʼkidlab turishmasa oʻqimaydigan darajagacha keldik. Balki bularga sabab ijtimoiy tarmoqlar yoki ota-onalarning oʻz farzandlariga yetarlicha eʼtibor qaratishmaganligidadir. Bugungi kundagi tizim sifat bilan emas, aksincha raqamlar bilan ishlamoqda. Bu esa achinarli holat.

Yana bir jihatga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, oilalarda oʻgʻil farzand dunyoga kelsa, “katta boʻlsang ministr, prokuror, prezident boʻlasan, buyuk inson boʻlishing kerak”, deb motivatsiya beriladi. Qizlarimizga esa “Oʻqib olim boʻlarmiding”, “Qiz bolaga oʻqishni kim qoʻyibdi”, “Oʻqib shahar olib berarmiding” degan mazmundagi gaplarni bot-bot aytishadi. Qaysidir maʼnoda ulgʻayib kelayotgan qizlar shu qarashlar ostida ulgʻayishadi yoki harakat qilishadi. Ota-onalar qizlar yigirma, yigirma bir yoshga toʻlishlari bilan erga berishga tushadi. Toʻgʻri, qiz bola uchun birinchi oʻrinda oila, uning shaʼni turadi. Lekin oʻqigan, taʼlim olgan qiz bola hech qachon oilasini koʻchaga qoʻyib, oʻzi bekorchi vaqt oʻtkazib yurmaydi. Qiz bola ham inson, u ham orzu qilishga va maqsadi uchun kurashishga haqqi bor. Bundan tashqari, farzandlar tarbiyasi bilan, asosan, onalar shugʻullanishadi. Boʻlajak onalarni tarbiyalashimiz kerak, ular uchun imkoniyat yaratishimiz kerak. Yevropada yoshlarning ongini rivojlantirish, toʻgʻri maqsad qoʻyish, katta loyihalarni amalga oshirishlari uchun “Big picture” degan tizim qoʻllaniladi. Bu qanaqa tizim? Bu tizim yoshlarning maqsad va orzularini aniqlashtirib olishda juda foydali tizim hisoblanandi. Masalan, maktabda bolalardan katta boʻlsang kim boʻlasan, nimani xohlaysan, ulgʻayganingda nimani bajarsang mazza qilasan, rohatlanasan deb soʻraladi va shu tarzda uning maqsadi aniqlanadi. Maqsadi aniqlanganidan keyin “Big Picture”da unga yoʻl xaritasi chizib beriladi. Bundan tashqari, bu tizim doirasiga bolalarga yoshligidan motivatsiyalar berilib boriladi. Masalan, oʻnta besh olsang pul beraman deb ragʻbatlantirish kerak emas. Aksincha, bolaga oʻn birinchi sinfni besh baholar bilan bitirsang, yaxshi oʻqib, namunali xulqqa ega boʻlsang, mana shu litseyga yoki mana shu oliy oʻquv yurtiga kirishingga ruxsat beraman. Agar yaxshi oʻqimasang, jamiyat uchun foydasiz insonga aylanib qolasan, boshqa ishlar qilib yurasan deb tushuntirishlar beriladi. Mazkur tizimni bolaga oʻz ota-onasi va unga sinf rahbar sifatida biriktirib qoʻyilgan oʻqituvchi bolaning qiziqishlariga qarab tuzib berishi kerak. Bitta sinf rahbar oʻttizta bolaga biriktirilgan boʻlsa, u oʻttiz kun davomida boʻlsa ham har bir bola bilan individual shugʻullanishi yoʻlga qoʻyilishi kerak. Eng muhimi, bola oʻz maqsadlarini aniqlashtirib, shu maqsad sari dadil qadam tashlaydi. Bu usul bolani birinchi darajadan ikkinchi darajaga qanday chiqishi kerakligini oʻrgatadi. Qiziq jihati, ushbu usul pastdan tepaga emas, tepadan pastga tuzib chiqiladi. Yaʼni oliy maqsad belgilanib, unga eltuvchi kichik qadamlar aniqlashtirib olinadi va bola bosqichma-bosqich pastdan tepaga chiqadi.

Toʻgʻri, Prezidentimiz, mutasaddi tashkilotlar taʼlimni rivojlantirishda jonbozlik koʻrsatyapti. Lekin bu rivojlanish faqat shaharlar, markaz joylar bilan cheklanib qolgan. Holbuki, qishloq va chekka joylarni sharoitini oʻrganadigan boʻlsak, ming afsuski, achinarli vaziyatlarni koʻrishimiz mumkin. Viloyatlardagi oliygohlarda, taʼlim muassasalarida ahvol sira yaxshi emas. Birgina misol, oʻzim ulgʻaygan Jizzax viloyati Zafarobod tumanida joylashgan Chimqoʻrgʻon QFY doirasini oladigan boʻlsak, u yerda yoshlar taʼlimi, rivojlanishi, sogʻlom hayot kechirishi, yoshlar vaqtini unumli va maroqli oʻtkazishi uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan. Yaʼni, kutubxonalar, sport maskanlari, koʻngilochar bogʻlar, umuman yoʻq. Yana bir achinarli holat shuki, oʻqituvchilarning yetishmasligi, bor oʻqituvchilar ham oʻzlarining mutaxassisligidan kelib chiqib emas, balki boshqa turdosh fanlar doirasiga dars olib borishlari koʻngilni xira qiladi. Misol uchun, kimyo oʻqituvchisi musiqadan, mehnat oʻqituvchisi esa tarixdan dars berishi xamir uchidan patir. Bular yetmaganidek, qoʻshni qishloq maktablarida ham bu holat uchrab turgani, hattoki oʻqituvchilar yetishmasligi va buning natijasida bizning ustozlar haftasiga ikki-uch kun borib dars oʻtib kelishlari kuzatiladi.

Statistikalarga koʻra, yurtimizdagi 2019-yilda 100 foiz abiturentlarning atiga 20 foizi sal koʻprogʻi talaba boʻlish baxtiga erishgan boʻlsa, 2020-yilda esa bu koʻrsatgich 27 foizga yaqinlashgan. Bu esa MDX davlatlari orasida eng kam koʻrsatkich. Buning natijasi oʻlaroq, oʻqishga kirolmagan abiturentlar xorijga topshirishlariga toʻgʻri keladi. Bu esa Oʻzbekiston emas, balki chet el oʻqishlariga talabning ortib borishiga turtki boʻladi.

Ilm-fan va taʼlim tarbiyani rivojlantirish va talabalarning oʻzini oʻzi boshqarish qoʻmitasini tashkillashtirish va bu tizimni har bitta oliy taʼlim muassasasalarida rektorlar boshchiligida amalga oshirilishi oʻylaymanki, talabalarning oʻsishi uchun ayni muddao boʻlardi. Sababi, yoshlar oʻzlarini oʻzlari tushunishadi hamda nima xohlashlarini aniq bilishadi. Faqat ularga imkon yaratish kerak.

Prezidentimiz biz, yoshlarga koʻplab imkoniyatlar yaratyapti. Ammo qachongacha bizga imkoniyat yaratishadi. Jamiyatimizda foydalanilmayotgan imkoniyatlar judayam koʻp. Faqat ularni bir joyga, bir maqsad asosida yigʻish vaqti keldi. Maqsadni aniq olib, bu yoʻlda qiyinchilik va toʻsiqlarga uchrasak ham oʻrnimizdan turib, yoʻlimizni davom etishimiz kerak. Zero, jamiyat hayoti, yurtning tinchligi va faravonligi, buyuk kelajak bizning qoʻlimizda!

Munisa Abduvahobova,

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti talabasi