JSST va UNICEFning yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovini oshirish boʻyicha qoʻshma bayonoti eʼlon qilindi. Qayd etilishicha, qizamiq, koʻkyoʻtal, difteriya, qoqshol... Bular — emlash orqali oldini olsa boʻladigan kasalliklar. Hatto yaqin yillargacha ushbu patologiyalarga jiddiy xavf omili sifatida qaralmay ham qoʻygandi.
Biroq keyingi paytlarda ana shu xastaliklar dunyo boʻylab yana keng tarqala boshladi. Ayniqsa, Yevropa va Markaziy Osiyoda bu borada epidemiologik vaziyat barqaror emas. Millionlab odamlar hayoti xavf ostida.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi rahbari Xans Klyuge va YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Regina De Dominichis tomonidan eʼlon qilingan qoʻshma bayonotda shu haqda soʻz boradi.
Qayd etilishicha, oʻtgan yili Yevropa mintaqasida qizamiq bilan kasallanganlar soni 127 ming nafardan oshgan. Bu — soʻnggi 27-yildagi eng yuqori koʻrsatkich.
Koʻkyoʻtalga chalinganlar soni esa 2023-yilda 87 ming nafarga yetib, oxirgi 29-yildagi rekord darajadagi oʻsish tendensiyasi kuzatilgan.
Bu — mintaqada bolalarni muntazam emlash qamrovi turgʻun qolayotgani, ayrim mamlakatlarda esa sezilarli darajada kamayayotgani oqibatidir. Yaʼni har yili yarim milliondan ortiq bolalar vaksina olishdan chetda qolmoqda.
Agar hozirgi tendensiyalar saqlanib qolsa, kelgusida mintaqada epidemiologik vaziyat keskinlashishi mumkin.
Shundan kelib chiqib, JSST va YUNICEF barcha mamlakatlarni bu yoʻnalishda shoshilinch choralar koʻrishga chaqirdi.