Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan koʻrilayotgan ushbu hujjat sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va yovvoyi tabiatni muhofaza qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlashni nazarda tutadi.

Qonun loyihasidagi eng muhim oʻzgarishlardan biri — Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib borayotgan hayvonlarni tutishga nisbatan qatʼiy cheklov oʻrnatishdir.

Ekopartiya fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayevning taʼkidlashicha, ilmiy maqsadlardan tashqari barcha hollarda Qizil kitobga kiritilgan jonzotlarni ovlashga toʻliq moratoriy joriy etish zarur.

Bu taklif nafaqat tabiatni asrash, balki biologik xilma-xillikni qayta tiklash yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Shuningdek, hujjat bilan “Qurol toʻgʻrisida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Yangi normalar ovchilarni tayyorlash tizimini tizimlashtirish, ov qilish jarayonlari ustidan nazoratni kuchaytirish va ovchilik xoʻjaliklari uchun qulay huquqiy muhit yaratishga xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida deputatlar mazkur loyiha ekotizim barqarorligini taʼminlashda dolzarb ahamiyatga ega ekanligini qayd etib, uni qoʻllab-quvvatladilar.