Davlat ekologiya qoʻmitasi tasarrufidagi “Nurota” davlat qoʻriqxonasi hududiga oʻrnatilgan fotoqopqonlarga Qizilqum arxarlarining bir suruvi suratga olindi.

Xalqaro Qizil Kitobga kiritilgan Qizilqum arxari (Seversov qoʻyi) Oʻzbekistondagi endemik tur hisoblanib, oʻtgan asrni 60-70 yillarida batamom yoʻqolish xavfi ostida qolgan. Maʼlumotlarga qaraganda, oʻtgan asrda Nurota togʻlarida 100-150 bosh arxarlar qolgan edi. “Nurota” davlat qoʻriqxonasi tashkil etilgandan keyin arxarlarning populyatsiyasi qoʻriqxona hududida saqlab qolindi.

Qoʻriqxona hududida ilmiy xodimlar va nozirlar tomonidan har yili bahorgi va kuzgi sanoq olib boriladi. Oxirgi sanoq natijalariga koʻra ularning soni oʻrtacha 1400 taga yetganligi maʼlum boʻldi.

Olib borilayotgan doimiy muhofaza choralari natijasida qoʻriqxonada arxarlarning soni barqarorlashgan.