Oddiygina niqob taqib yurishga, karantin qoidalariga boʻysunmaslikka harakat qilayotgan insonlar shundoq ham murakkab boʻlgan vaziyatni chigallashtirmoqda. Ular hali ham vaziyatni jiddiy qabul qilmay, karantin qoidalariga mensimaslik bilan qarashyapti. Bundaylar oʻzimizda ham uchrayotgani odamni tashvishga solmoqda.

Oʻzim ishtirok etgan bir oilaviy tadbirdan oddiygina misol. Yoshi ellikka yaqinlashgan qarindoshim qizining fotiha tadbirini 50 dan ortiq odam bilan oʻtkazdi. “Nega bunchalik dabdaba? Toʻrtta odam bilan ham ixcham oʻtkazsa boʻlar ediku?!”, deb soʻradim. Ular menga urf-odatlarimizdan chiqib keta olmasligini roʻkach qildi. Oliy maʼlumotli kishidan bu javobni eshitib, xafa boʻldim. Tadbirni tashlab ketishni ham ep koʻrmadim oʻzimga.

Natijada oʻsha tadbirdan keyin oila aʼzolarim, hammamiz koronavirusga chalindik. Men va rafiqamda kasallik ogʻir kechdi. Oʻzim va rafiqam Zangiota tumanidagi ixtisoslashtirilgan klinik kasalxonada davolandik. Mazkur kilinikaga 2021-yilning 2-oktyabrida murojaat qildim. Meni darhol palataga olishdi, intensiv davolashni boshlab yuborishdi. Ahvolim ancha ogʻir, jiddiy muolajaga muhtoj edim. Klinika shifokorlari Sh.Sharipov va S.Ibragimovalar jonbozlik koʻrsatib, meni tezda oyoqqa turgʻizishdi.

Ayniqsa, XXRning Uxan shaxridagi kasalxona shifokorlari bilan tajriba almashgan Sadoqat Ibragimova jonimga oro kirdi. U kishi kasallikni yengish beʼmorning ichki resurslari va irodasiga bogʻliq ekanligini taʼkidladi. Shuningdek, Sadoqat Ibragimova oʻpka gimnastikasiga katta eʼtibor berish kerak, deb bot-bot takrorladi. Bemorlarning shifo topishida shifokor Ulugʻbek Rasulovning ham xizmati beqiyos. Kasallikni yengishda klinika shifokorlari innovatsion metodni qoʻllashyapti. Shuning uchun beʼmorlar qanday ogʻir ahvolda boʻlmasin, tezda sogʻayishmoqda. Hatto oʻpkasi 70%gacha zararlangan beʼmorlarni ham uzogʻi bilan 1 haftada tuzatishyapti.

Albatta, oʻrta boʻgʻin tibbiyot hodimlari ham alohida taʼkidga loyiqdir. Chunki shifokor koʻrsatmalari va tavsiyalarini oʻz vaqtida muolaja qilish asosiy omildir. Mazkur klinikaning 4-boʻlinmasida mehnat qilayotgan hamshiralar — Xolida Abdullayeva, Zilola Tolibjonova va Goʻzal Aliqulovaning mehnatini alohida taʼkidlash joiz. Kichik tibbiyot xodimlari sanitarlari xizmati ham taxsinga sazovor. Koʻz oldimda jonlantirish boʻlimiga kelgan 71 yashar bemorni muqarrar oʻlim yoqasidan qutqargan sanitarlar Zarina Hayruddinova va Huriniso Raximovalar xizmati tahsinga loyiq. Ularning shirin soʻzlari bemorlarga kasallikni yengishda juda katta madad boʻlmoqda. Kecha-kunduz tinim bilmay ishlayotgan turli boʻgʻin tibbiyot hodimlarining xizmatini hech bir meʼzon bilan baholab boʻlmaydi.

Klinikada dori-darmon taʼminoti bilan bogʻliq hech qanday muammo yoʻq, hamma narsa oʻz vaqtida berilmoqda. Oziq-ovqat taʼminoti ham alohida diqqatga sazovor. Toʻrt mahal ovqat harbiychasiga oʻz vaqtida beriladi. Taomlarning hammasi toʻyimli va sifatli. Men shaxsan oʻzim shunga guvoh boʻldimki, davlatimiz bizni pandemiya balosidan qutqarishda har qanday sarf-harajatga tayyor. Zero, qoʻshni mamlakatlarda oddiy bir dori-darmonni topish imkoni yoʻq bir paytda, bizda hamma narsa muhayyo va 100 foiz davlat byudjeti tomonidan taʼminlanib kelinmoqda. Turli yurtlardan vaksinalar keltirilib, tekinga emlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Kasallik ortga chekingani yoʻq, uning yangi turlari paydo boʻlmoqda. Xindistonda “Delta shtampi” paydo boʻlgan boʻlsa, Janubiy Afrikada koronavirusning “Omikron” turi kengaymoqda. Vaziyat ancha murakkab. Yurdoshlarimiz davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarning qadriga yetib, kasallikdan oʻzlarini himoya qilishlari kerak. Yana karantin qoidalariga qatʼiy rioya etishimiz shart. Bundan boshqa yoʻl yoʻq!

Aziz Umarov,

Oʻzbekiston Respublikasi

Jamoat xavfsizligi

universiteti ofitseri