Uning shartiga koʻra, ishtirokchilar oʻz ijod namunalarida bokschilarimizning suratlarini aks ettirishlari lozim edi. Bugun Milliy olimpiya qoʻmitasida ushbu tanlov gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Rustam Sagdullayev, Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasining ekspertlaridan iborat hakamlar hayʼati vakillari ham qatnashishdi.

Ushbu tanlovga 100 nafarga yaqin koʻngilli oʻz ishlarini taqdim qilgani unga boʻlgan qiziqishning katta ekanidan dalolat beradi. Ochilish marosimida soʻzga chiqqan Saken Polatov ishtirokchilarning barchasiga mazkur tanlovda ishtirok etganlari uchun tashakkur aytib, ularning kelgusi ijodlariga omad tilab oʻtdi. Shundan soʻng hakamlar hayʼati tanlov uchun taqdim qilingan suratlarni sinchkovlik bilan oʻrganib chiqishgach gʻolib va sovrindorlarni aniqlab olish uchun muhokama qilishdi.

Tanlov yakuniga koʻra, birinchi oʻrin hayotning irodasi bilan qoʻllaridan ayrilgan, biroq oyoqlari yordamida ijod qiladigan Lutfulla Qodirovga nasib etdi. Ushbu rassom tanlov uchun bir-biridan qiziqarli 5 ta kompozitsiya topshirgan. Ikkinchi oʻrin Umar Rajabovga nasib etgan boʻlsa, yana bir yosh rassom Laziza Toʻlaganovaning suratlari uchinchi oʻringa loyiq koʻrildi. Tanlov shartiga koʻra, musobaqa gʻolibi boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bilan Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun yoʻllanma olgan boʻlsa, qolgan sovrindorlarga Oʻzbekiston boks federatsiyasining esdalik sovgʻalari va medallari taqdim qilindi.

Shuningdek, tadbir yakunida bir qator ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar taqdirlanishdi.