Unda 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti va “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Qoʻmita majlisida dastlab Davlat dasturining 2022-yil I choragidagi ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, Davlat dasturi ijrosi yuzasidan shu yilning I choragida 59 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.
Shuningdek, 2022-yilning I choragida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan geosiyosiy vaziyat bilan bogʻliq xatarlar yuzasidan oʻz vaqtida koʻrilgan choralar natijasida yalpi ichki mahsulotning oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizni, shundan YAIM tarkibida sanoat – 5,7 foizni, xizmatlar – 6,9 foizni, qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaligi mahsulotlari 2,8 foizni tashkil etgan.
Davlat byudjeti daromadlari 41,9 trillion soʻmga ijro etilib, Davlat byudjetining jami xarajatlari 42,9 trillion soʻmni tashkil etgan. Ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan xarajatlar 23,5 trillion soʻmni tashkil etib, amalga oshirilgan jami xarajatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 25,4 foizga oshgan. Joriy yil yanvar-mart oylarida jami qiymati 2 milliard 448 million dollar boʻlgan xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, prognoz koʻrsatkichi 167 foizga bajarilgan.
Qoʻmita majlisida kun tartibidagi navbatdagi masala “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi. Qonun bilan Vazirlar Mahkamasining pochta aloqasi sohasidagi vakolatlari belgilanyapti.
Pochta aloqasining xavfsizligi pochta aloqasi sirini himoya qilishga, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining, pochta aloqasi vositalarining but saqlanishini taʼminlashga qaratilgan, qonunchilikda belgilangan tadbirlar majmuidan iboratligi nazarda tutilyapti.
Pochta aloqasi foydalanuvchilarining huquqlari va majburiyatlari aniqlashtirilyapti. Xususan, pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalarini pochta manzili boʻyicha yoki yoʻqlab olish tarzida olish huquqi koʻzda tutilayotgan boʻlsa, taqiqlangan moddalar va predmetlar joʻnatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanyapti.
Pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta aloqasi xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoxud lozim darajada bajarmaganlik uchun foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qonunchilikka muvofiq qoplashi mustahkamlanyapti.
Qonunning qabul qilinishi pochta aloqasi sohasidagi tadbirkorlikni rivojlantirishdagi keraksiz byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.
Qoʻmita majlisida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.