Qon bosimi nega “oʻynaydi”?

    Qon bosimi — inson salomatligining eng asosiy koʻrsatkichlaridan biri boʻlib, organizm toʻqimalarida moddalar almashinuvini taʼminlaydi. Shu bois uning meʼyordan ortiq pasayishi yoki koʻtarilishi sogʻlikka zarar yetkazishi mumkin.

    Ammo baʼzi insonlar borki, ularda arterial bosim tez-tez “oʻynaydi”. Xoʻsh, bu nima bilan bogʻliq?

    Mazkur savolga oliy toifali shifokor Raʼno Nosirova javob berdi.

    — Darhaqiqat, ayrim kishilarda koʻpincha qon bosimi keskin pasayib, baʼzan koʻtarilib ketadi, — deydi mutaxassis. — Har ikki holatda ham inson oʻzini yomon his qiladi. Bunga esa odatda qon tomirlarining vegetativ distoniyasi, yaʼni ularning kengayishi yoki torayishi sabab boʻladi.

    Qolaversa, meʼyordan koʻp qahva ichish, stress va ortiqcha aqliy yuklamali ish, surunkali uyqusizlik, endokrin oʻzgarishlar, spirtli ichimliklar isteʼmol qilish, psixo-emotsional buzilishlar va ob-havo oʻzgarishi ham qon bosimining tez-tez “oʻynashi”ga olib kelishi mumkin.

    Bundan tashqari, ayollarda hayz oldi sindromi, homiladorlikning muayyan bosqichlari, gormonal oʻzgarishlar va notoʻgʻri ovqatlanish sababli bunday holat kuzatiladi.

    Shu bois, avvalo, qon bosimining tez-tez oʻzgarishiga sabab boʻlayotgan omilni aniqlash, buning uchun esa shifokorga murojaat qilish lozim. Mutaxassis tomonidan tayinlanadigan diagnostik tekshiruvlar esa bunday beqarorlikning asl sababini aniqlashga yordam beradi.

    Shuningdek, sogʻlom ovqatlanish, kun tartibini toʻgʻri tashkil qilish qon bosimining meʼyorda boʻlishiga koʻmaklashadi.