Davlat ekologiya qoʻmitasi tasarrufidagi “Hisor” davlat qoʻriqxonasi xodimlari qoʻriqxona hududida olib boriladigan monitoring-kuzatuv ishlari jarayonida har bir holatni eʼtiborga olib, suratlarda ham qayd qilib borishadi.
Qoʻriqxonaning Qizilsuv boʻlimida oʻtkazilgan navbatdagi oʻrganishlarda Tyan-Shan qoʻngʻir ayigʻining izlari ham borligi aniqlanib, rasmga olindi.
Qoʻriqxona xodimlarining bildirishicha, bir qarashda odamnikiga ham oʻxshab ketadigan bu izlar, taxminan, 7-8 yoshlardagi qoʻngʻir ayiqqa tegishli boʻlib, changli soʻqmoqda yurganida aniq koʻringan.
Eslatib oʻtamiz, qoʻngʻir ayiq — respublikamiz faunasining noyob turlaridan biri.
TMXI Qizil roʻyxati va Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan qoʻngʻir ayiqlarni muhofaza qilishga keyingi yillarda alohida eʼtibor qaratilayotgani oʻz samarasini bermoqda. Xususan, “Hisor” davlat qoʻriqxonasi hududidagi aniqlangan ayiqlar soni hozirda 150 boshdan ortiq va qoʻriqxonaning deyarli barcha hududlarida uchraydi.