Majlisda Uchinchi renessans poydevori qoʻyilayotgan mamlakatimizdagi avvalgi ikki uygʻonish davri haqida maʼlumotlarga ega boʻlish uchun ham farzandlarimiz, yoshlar, barcha aholining muzeylarga muntazam borishini yoʻlga qoʻyish hamda muzeylarimiz fondini boyitib, moddiy texnika bazasini izchil yaxshilab borish zarurligi taʼkidlandi.
Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: yangi qonun qabul qilinishiga qanday zarurat bor? Birinchidan, amaldagi qonunda muzeylar tomonidan xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish, jumladan tovarlar sotish va xizmatlar koʻrsatishning huquqiy asoslari belgilanmagan.
Ikkinchidan, hozirda davlat muzeylariga byudjet mablagʻlari asosan muzey faoliyatini saqlab turish, qurish va taʼmirlash ishlari uchungina ajratilmoqda. Bu esa muzeylar oʻzlari topgan daromadlari koʻrsatiladigan xizmatlarining sifatini zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga moslashtirish imkonini bermaydi.
Uchinchidan, amaldagi “Muzeylar toʻgʻrisida”gi Qonunda muzey hududida uning tashkil etish maqsadiga zid boʻlgan yoki muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan faoliyatni taqiqlash masalasini tartibga soluvchi qoida mavjud emas.
Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish, muzeylar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga moslashtirish, ularning mahalliy tashrif buyuruvchilar va turistlar uchun jozibadorligini oshirish uchun ham ushbu Qonunni qabul qilish zarurati paydo boʻlgan.
Taklif etilayotgan hujjatda muzey hududida uning tashkil etish maqsadiga zid boʻlgan yoki muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan faoliyat taqiqlanishi haqida qoida kiritilmoqda.
Muzeylarga taʼsis hujjatlariga muvofiq daromadlarini koʻpaytirish maqsadida muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari xavfsizligini taʼminlagan holda daromad keltiradigan faoliyat bilan shugʻullanish huquqi berilmoqda.
Muzeylarga madaniy meros koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanishda ustuvorlik huquqini berish koʻzda tutilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Qonunni ishlab chiqish jarayonida Ozarbayjon, Qozogʻiston Turkmaniston, Ukraina, Rossiya davlatlari tajribalari oʻrganilgan.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.