Farmonga koʻra, “Ijro.gov.uz” tizimi orqali qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy qilinadi.

Unga koʻra, Adliya vazirligi:

➖ qonun hujjatlari va topshiriqlar oʻz vaqtida ijro etilishining “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratini olib boradi va “Ijro.gov.uz” tizimini yuritadi;

➖ tizimda nazoratga olinadigan topshiriqlarni kiritadi, mazkur topshiriqlardan kelib chiqqan holda masʼul ijrochilar va bajarish muddatlarini belgilaydi, ular tomonidan kiritilgan maʼlumotlar toʻliqligi va haqqoniyligini tekshiradi, shuningdek, qonun hujjatlari va topshiriqlarda belgilangan ijro muddatlarini uzaytirish haqidagi takliflar asosliligini oʻrganadi;

➖ qonun hujjatlari va topshiriqlar ijro holati toʻgʻrisidagi maʼlumotni har oyda Prezident Administratsiyasi va Hukumatga kiritib boradi.

Tizimga zarur maʼlumotlarni oʻz vaqtida kiritmaslik yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritish, bu borada Adliya vazirligi koʻrsatmalarini oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik intizomiy, maʼmuriy va boshqa javobgarlik choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.

Farmonga koʻra:

Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlari va topshiriqlar masʼul ijrochilar tomonidan oʻz vaqtida ijro etilishining “Ijro.gov.uz” tizimida nazoratini olib boradi;

Hisob palatasi tizimda masʼul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan tekshirilgan maʼlumotlar toʻliqligi va haqqoniyligini tekshiradi hamda ularni nazoratdan yechadi;

Prezident Administratsiyasi qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Farmonga bilan Adliya vazirligi tizimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari tashkil etildi.

2021-yil 1-apreldan respublika darajasidagi barcha davlat organlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ijro intizomiga masʼul boʻlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda Prezident Administratsiyasining Ijro intizomini taʼminlash shoʻbasi bilan kelishiladi.

2021-yil 1-maydan barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish faqat “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshiriladi, bunda boshqa har qanday nazorat dasturlari, hisobotlari va bazalarini yuritish amaliyoti bekor qilinadi.

Qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosi boʻyicha yillik manzilli va tematik tahliliy oʻrganishlar dasturi Adliya vazirligi tomonidan Hisob palatasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar takliflari asosida ishlab chiqiladi va Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Farmonga koʻra, tashkiliy, ijro va nazorat faoliyatining yagona tizimi joriy etiladi.

Farmon bilan Qonunlar, Prezident farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining amalga oshirilishi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi tasdiqlandi.

Adliya vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi:

qonun hujjatlari va topshiriqlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan manzilli va tematik tahliliy oʻrganishlarni olib borish va joylardagi holat monitoringini yuritish;

davlat organlari va tashkilotlarining qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosini taʼminlash borasidagi faoliyatini OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” rukni ostida yoritish va muhokama qilish ishlarini tashkil etish;

qonun hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash;

davlat organlari va tashkilotlariga qonun hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy koʻmaklashish.