Qonun kuchga kirdi: elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovoddan tijorat maqsadlarida noqonuniy foydalanish oʻgʻrilik deb belgilandi

    Mamlakatimizda 21 Iyun 2023 1301

    Mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilishi mumkin.

    Qonun (OʻRQ–822-son, 13.03.2023-y.) bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Jumladan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra:

    umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida oʻzboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yoʻli bilan talon-toroj qilish oʻgʻrilik deb belgilandi hamda mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilishi mumkin.

    Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, ushbu huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etgan shaxslarga quyidagi maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishi mumkin:

    • BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln soʻmdan 6 mln soʻmgacha) miqdorda jarima;
    • yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish.