O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida aynan shu g‘oya zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini rivojlantirish bo‘yicha oltinchi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlar davlatning fuqarolar oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish va adolat tamoyilini hayotga chuqur singdirishga qaratilgan.

2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasining tubdan yangilanishi davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtiradi. Minglab davlat xizmatlari, funksiyalar va vakolatlarning yagona raqamli platformaga integratsiya qilinishi inson omilini qisqartirib, korrupsiya va byurokratiyaga barham berishga xizmat qiladi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish va nazorat qilishda sun’iy intellektdan foydalanilishi har bir fuqaroning murojaati o‘z vaqtida va adolatli hal etilishini ta’minlaydi. Bu esa qonun oldida tenglik prinsipining amaliy ifodasidir.

Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirish islohotlarning markaziy yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. “Raqamli sud” konsepsiyasi va tergov jarayonlarining raqamlashtirilishi orqali inson huquqlarini himoya qilish kuchaytiriladi. Jinoyat ishlarida inson omilining kamaytirilishi noqonuniy bosim va suiiste’mollarning oldini olishga xizmat qiladi. Tergov sudyalari institutining rivojlanishi hamda “habeas corpus” tamoyilining keng qo‘llanishi shaxs erkinligi va daxlsizligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Sud jarayonlarida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, jumladan xalq vakillari hay’ati institutini bosqichma-bosqich joriy etish, sud qarorlarining adolatliligi va oshkoraligini ta’minlashga qaratilgan. Sud qarorlari ijrosining so‘zsiz ta’minlanishi esa fuqaro va tadbirkorlar huquqlarining real tiklanishiga xizmat qiladi.

Murojaatnomada jamiyat xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar ham inson huquqlari bilan uzviy bog‘lab talqin etildi. Giyohvandlik, zo‘ravonlik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash davlatning eng muhim vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Ayniqsa, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabat bildirilishi inson qadr-qimmatini himoya qilish davlat siyosatining ajralmas qismi ekanini ko‘rsatadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash masalasi esa qonun ustuvorligini ta’minlashning hal qiluvchi sharti sifatida e’tirof etildi. Har bir mansabdor shaxsning davlat resurslari uchun shaxsiy javobgarligi kuchaytirilishi, “qonun oldida hamma teng” degan prinsipning amalda ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasida belgilangan islohotlar zamonaviy davlat boshqaruvi, adolatli sud-huquq tizimi, qonun ustuvorligi va inson huquqlarining kafolatli himoyasini ta’minlashga qaratilgan yagona va izchil strategiyani ifodalaydi. Bu yondashuv O‘zbekistonni adolatli, ochiq va inson qadrini ulug‘laydigan huquqiy davlat sifatida mustahkamlashga xizmat qiladi.

Sarvinoz Sunnatillayeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari sho‘basi o‘qituvchisi,
Belgiyaning Gent universiteti magistri