Mamlakatimizda keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotgani va odamlarni tashvishga solayotgan jiddiy muammolarni aniqlashning butunlay yangicha tizimi joriy etilgani aholining huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, xalqimizning davlat idoralariga ishonchini mustahkamlashda muhim omil bo'lmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 9 yanvarda qabul qilingan “Byurokratik to'siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko'tarishda muhim qadam bo'ldi. Qarorda 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jami 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilish, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari tomonidan esa ularning berilishiga yo'l qo'yilmasligi belgilangan.

SHuningdek, mazkur qaror bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining ishlamayotgan bir qator funktsiyalari bekor qilingan. Jumladan, turar joyni noturar joy toifasiga o'tkazishga ruxsatnoma berish funktsiyasi hokimlik­lardan tuman (shahar) qurilish bo'limlariga o'tkazildi. Shuningdek, hokimlik­larning bozor faoliyatini to'xtatib turish bo'yicha qaror qabul qilish kabi vakolatlari bekor qilinishi belgi­langan.

Tabiiyki, bunday muhim chora-tadbirlar davlat xizmatlaridan foydalanishda aholiga va tadbirkorlarga katta qulaylik yaratmoqda, fuqarolarning qonun bilan himoyalangan huquqlari muhofazasini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. SHu bilan birga, korruptsiya holatlarining oldini olish imkonini berayotir. Biroq ba'zi davlat organlari va tashkilotlarida eskirgan byurokratik usullarda ish yuritish davom etayotgani, xususan, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanmaslik ortiqcha ovoragarchilik va aholining e'tiroziga sabab bo'layotgani bu boradagi huquqiy-tashkiliy ishlarni izchil davom ettirishni taqozo etmoqda.

Prezidentimiz tomonidan joriy yil 28 sentyabrda imzolangan “Byurokratik to'siqlar yanada qisqartirilishi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamo­yillari joriy qilinishi munosabati bilan O'zbekiston Res­publikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun ana shunday dolzarb muammolar echimi yo'lida yana bir muhim qadam bo'ldi.

— Mazkur qonun asosida 6 ta qonun va 3 ta kodeksga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilmoqda, — deydi Adliya vazirligi boshqarma boshlig'i  Furqat Tojiev. — Xususan, “Suv va suvdan foydalanish to'g'risida”gi qonunga kiritilayotgan o'zgartishlarga ko'ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan texnologik, o'rmon-melioratsiya, agrotexnik, gidrotexnik, sanitariya-texnik tadbirlarni kelishishni nazarda tutadigan funktsiya va vakolatlar chiqarib tashlanmoqda. Natijada suv va suv ob'ektlaridan foydalanish sohasida tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini erkin yuritish uchun ortiqcha byurokratik to'siq olib tashlanadi.

Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan o'zgartirish bilan hokimlarning ma'muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan qarorlar qabul qilish va ma'muriy javobgarlikka sabab bo'ladigan ayrim qoidalarni belgilash, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to'g'risida”gi qonunga  kiritilgan o'zgartishga ko'ra, hokimlarning atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining yo'l qo'yiladigan normativlarini buzish bilan bog'liq bo'lgan faoliyatni cheklash, to'xtatib turish va tugatish masalasida qaror qabul qilish vakolatlari tugatildi.

Bundan tashqari, mahalliy hokimliklarning yovvoyi holda o'suvchi o'simliklarni chorvachilik ehtiyojlari uchun tayyorlashga ruxsatnoma berish, o'rmonlarning holatiga zarar etkazilgan hollarda tashkilotlar faoliyatini cheklash, to'xtatib turish va tugatish bo'yi­cha qaror qabul qilish vakolatlari ham bekor qilindi.

Mazkur normalarning amaliyotga tat­biq etilishi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ish hajmining kamayishiga, ularning bevosita o'zlariga tegishli bo'lgan funktsional vazifalarni bajarishiga imkon yaratadi. SHu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarining o'zlariga tegishli funktsiyalari bilan yanada samarali shug'ullanishini ta'minlashga xizmat qiladi.

Ilgari transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha sug'urta polisi yonida bo'lmagan haydovchilarning mashinasi jarima maydonchasida ushlab turilardi. endilikda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi qodeksning 291-moddasiga transport vositalarini ushlab turish va ko'rikdan o'tkazish asoslari va tartibiga o'zgartish kiritilmoqda. SHunga asosan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish bo'yicha sug'urta polisi yonida bo'lmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda, ularning avtotransport vositalarini ushlab turish tartibi bekor qilinadi va fuqarolarning mulk huquqlari kafolatlari kuchaytiriladi. Bu esa fuqarolarga nisbatan jazo bazasini qisqartirgan holda korruptsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.

YAngi qonun bilan Mehnat kodeksining tegishli moddalariga ham o'zgartish va qo'shimchalar kiritilmoqda. Xususan, kodeksning 80-moddasidan ishga kirayotgan shaxsdan talab qilinadigan hujjatlar ro'yxatidan turar joydan ma'lumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Natijada fuqarolar tomonidan mehnat shartnomalarini tuzishda ortiqcha byurokratik to'siqlarga, sansalorliklarga chek qo'yiladi.

Qolaversa, Uy-joy kodeksining 111-moddasida mulkdor, ijaraga oluvchi, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi a'zosining turar joyni almashtirish to'g'risidagi arizasiga ilova qilishi lozim bo'lgan hujjatlardan turar joyda yashayotgan shaxslar ko'rsatilgan holda yashash joyidan ma'lumotnoma talab qilishi bekor qilinmoqda.

SHuningdek, ushbu kodeksning 117-­moddasidan fuqarolar tomonidan saqlash guvohnomasi (bron`) berish to'g'risidagi arizaga ilova qilinishi lozim bo'lgan hujjatlar tasnifidan ham yashash joyidan ma'lumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Natijada turar joylarni almashtirish va saqlash guvohnomasi (bron`) berishda fuqarolardan yashash joyidan ma'lumotnoma talab etil­maydi.

“Vasiylik va homiylik to'g'risida”gi qonunning 23-moddasida dastlabki tarzda vasiy yoki homiy tayinlash vasiy yoki homiy bo'lish istagini bildirgan shaxs tomonidan arizasiga ilova qilinadigan hujjatlardan yashash jo­yidagi fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organidan olinadigan ma'lumotnoma chiqarib tashlanmoqda. Buning natijasida vasiy va homiy bo'lish istagini bildirgan fuqarolarga qo'laylik yaratiladi.

“Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma'muriy nazorat to'g'risida”gi qonundan nazorat ostidagi shaxsning qaerdaligi aniqlanmagan taqdirda ichki ishlar organi nazorat ostidagi shaxsning turar joyi va etib kelmaslik sabablarini aniqlash bo'yicha ko'rilgan choralar haqidagi hujjatlardan fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organi tomonidan beriladigan ma'lumotnoma bekor qilinmoqda. Natijada ichki ishlar organlarining ish yurituvini soddalashtirishga imkon yaratiladi.

Ushbu qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirdi.

                                                         Bahor Xidirova,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri