Qopda kartoshka etishtirganmisiz?

    Agrosektor 19 Iyun 2020 4250

    Meliqo'zi Ibragimov Parkent tumani markazida istiqomat qiladi. Ixchamgina hovlisi bor. U ancha ilgari kredit olib, ikki sotixga yaqin erga limon va mandarin ko'chatlarini ekdi. Keyinchalik hovlisida bir sotizdan ziyod mo''jazgina issiqxona ham qurdi. Pomidor, bodring, bulg'or qalapiri etishtirishni boshladi.

    – Tomorqamiz kichkina, bor-yo'g'i uch sotix, ammo undan besh martagacha hosil olamiz, – deydi Meliqo'zi aka. – Daromad ham shunga yarasha. Aslida bir sotix eri bor odam, boy odam. Bir sotixdagi issiqxona ham yaxshi foyda beradi. Masalan, biz may oyigacha 8 mln. so'm daromad oldik. Pomidor, bodring va sarimsoq piyoz sotdik.

    Meliqo'zi akaninig hovlisida qoplarga ekilgan kartoshkalarga ko'zimiz tushib, buning siri bilan qiziqdik. U kishining aytishicha, qop ostiga 20-25 sm.da tabiiy o'g'itlar bilan aralashtirilgan tuproq solinib, 2-3 dona kartoshka urug'i ekiladi. YOz oylarida tez-tez suv sochib, sug'orib turiladi. Kartoshka unib chiqqan sari, qop o'g'it bilan to'lib boradi. Qop to'lgach, kartoshka tabiiy holatda pishadi. Natijada bir qop o'g'it ichidan 20-25 kilogrammgacha hosil olinadi.

    Meliqo'zi aka “Izlagan imkon topadi”degan maqolni ko'p ishlatadi. Sababi buni hayotda ko'p bor sinab ko'rdi. Suhbat davomida qoramollari borligini, 6 bosh sog'in sigirning har biridan 20 - 30 litrgacha sut olayotganligini eshitib, to'g'risi, u kishiga havasimiz yanada ortdi.

    Darvoqe, Meliqo'zi Ibragimov Parkent tuman arxivida uzoq yillardan beri ishlab keladi. Xonadondan qaytar ekanmiz, bilganga tomorqa haqiqiy xazina ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qildik.

    Doniyor QURBONXO'JAEV