Yosh matematiklarning ushbu bellashuvida respublikamizning barcha umumtaʼlim maktablari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan hamda xususiy maktablarning 5-6-7-sinf, 8-9-sinf va 10-11-sinf, akademik litseylarning 1-2-kurs oʻquvchilari katta qiziqish bilan faol ishtirok etdilar. Umumiy hisobda respublikaning 14 ta maʼmuriy hududidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan hamda xususiy maktablar oʻquvchilaridan jami 350 nafarga yaqin nomzod respublika bosqichida ishtirok etdi.

Respublika bosqichiga qadar tuman-shahar bosqichlarida 60 ming nafarga yaqin va hududiy (viloyat) bosqichida 6100 nafar oʻquvchi Davlat test markazi tomonidan maxsus tuzilgan test sinovlarida ishtirok etdi. Test natijalariga muvofiq, har bir hududdan (14 ta maʼmuriy hudud) uchta guruh boʻyicha eng yuqori 5 talik oʻrindan joy olgan 15 nafardan, jami 220 nafar oʻquvchi-nomzod Qoʻqon shahriga respublika bosqichiga yetib keldi. Shuningdek, akademik litsey oʻquvchilaridan 61 nafar, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablardan 53 nafar oʻquvchilar olimpiadada ishtirok etishdi.

13-14-mart kunlari boʻlib oʻtgan olimpiadaning ochilish tadbiri tantanali oʻtdi. Ochilish tadbiridan soʻng olimpiada musobaqasining birinchi bosqichi – yozma ish topshiriqlariga start berildi. 14-mart kuni olimpiada musobaqasining ikkinchi bosqichi boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar bir xil sharoit va imkoniyatlarda, kuzatuv-nazorat kameralari ostida test topshiriqlarini bajardilar.

Ushbu olimpiadaning farqli jihatlaridan biri – ishtirokchilarga berilgan har bir topshiriq va masalaning eng toʻgʻri va zamonaviy yechish usullari ham taqdim etildi. Har bir ishtirokchiga qaysi topshiriqda qanday xatoliklarga yoʻl qoʻyganlarini bilib olish imkoniyati ham yaratildi. Bu oʻz navbatida, barcha sinov jarayonlarining yana-da shaffof va ochiq-oshkoralik ruhida oʻtishi, ishtirokchi-nomzodlar va ularning yaqinlarida olimpiada natijalariga shubha uygʻonmasligiga xizmat qildi. Ota-onalar, matematika fani oʻqituvchilari uchun videokuzatuv vositalari orqali imtihonlar jarayonini kuzatish imkoniyati taqdim qilindi. Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillariga ham olimpiadaning barcha bosqichlarini bevosita kuzatish va axborotlarni keng ommaga yetkazib borish imkoniyati yaratib berildi.

Oʻquvchi-nomzodlar, ularga hamrohlik qilib kelgan ota-onalar, ustozlar va barcha mehmonlar uchun Qoʻqon shahridagi tarixiy-madaniy obidalar, xususan Qoʻqon madaniyati va tarixi muzeyi joylashgan Xudoyorxon Oʻrda saroyiga mazmunli sayohat tashkil etildi.

Olimpiada kunlari madaniy koʻngilochar dasturlar, Qoʻqon universiteti talabalarining matematikaga oid sahna koʻrinishlari, sanʼatkorlarning chiqishlari va kechki sayr bilan mazmunli oʻtdi.

Gʻoliblarni tantanali taqdirlash tadbiri Qoʻqon shahar musiqali drama teatrida Toshkent shaharidan tashrif buyurgan turli vazirliklar, idora va tashkilotlar rahbarlari, respublikaning 14 ta maʼmuriy hududidan tashrif buyurgan ota-onalar, mehmonlar ishtirokida koʻtarinki ruhda tashkil etildi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, Qoʻqon Universiteti rektori Sherzod Mustafakulov, shuningdek el ardogʻidagi sanʼatkorlar Oʻzbekiston xalq artistlari Yodgor Sadiyev, Yoqub Ahmedov, Erkin Komilov va Gavhar Zokirovalar olimpiada gʻoliblariga sovrinlarni taqdim etishdi.

Hakamlar hayʼati xulosalariga koʻra, “Qoʻqon Olimpiadasi”da 5-6-7 sinflar oʻquvchilari oʻrtasida birinchi oʻrinni olgan Toshkent shahridagi Muhammad Al-Xorazmiy maktabi oʻquvchisi Asilbek Sunnatov “Nexia” avtomashinasi bilan taqdirlandi. 8-9-sinflar oʻquvchilari oʻrtasida 1-oʻrinni egallagan Buxoro viloyatidagi Xalqaro matematika maktabi oʻquvchisi Anvarbek Rahmatov “Nexia” va 10-11 sinflar oʻrtasida Xorazm viloyati, Xiva shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Sarvar Soporboyev “Cobalt” avtomobillari sovrindori deb topildi.

Barcha guruhlar, yaʼni birinchi guruh – 5-6-7-sinflar, ikkinchi guruh – 8-9-sinflar va uchinchi guruh – 10-11-sinflar boʻyicha 2 va 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan gʻoliblarga qimmatbaho sovgʻalar hadya etildi.

Shuningdek, barcha guruhlar boʻyicha birinchi 10 talik roʻyxatdan joy olgan nomzodlarga Qoʻqon universitetida grant asosida oʻqishga qabul qilish boʻyicha Investitsion vaucher taqdim etildi.

“Qorakoʻl ziyo” nodavlat oʻquv muassasasi tomonidan guruhlar boʻyicha eng yuqori ballni qoʻlga kiritgan oʻn nafar oʻquvchi-nomzodga matematika va boshqa fanlardan qoʻshimcha bilim olish boʻyicha bir yillik bepul oʻqish Sertifikati topshirildi.

Ishtirokchilarning har biriga Olimpiadada qatnashganligi uchun sertifikatlar taqdim qilindi.

Ushbu olimpiada talantli yoshlarni qidirib topish, ularning iqtidorini jamiyat rivoji yoʻlida safarbar etish, investitsion motivatsiya asosida yosh matematiklarning seleksiyasini amalga oshirish, matematik bilimlarini sinovdan oʻtkazish, nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishlariga koʻmaklashish va shu asosda texnik taraqqiyotning jadallashishiga zamin yaratishga xizmat qildi.

Yoshlarning bilimga, ilmga boʻlgan qiziqishlarini yana-da oshirishga qaratilgan “Qoʻqon olimpiadasi” har jihatdan uyushqoqlik bilan yuqori saviyada tashkil etildi. Kelgusida ushbu olimpiada yosh matematiklar intiqib kutadigan aqliy bellashuvlardan biriga aylanishi, shubhasiz.

Joriy yilning 13-14-mart kunlari “Bilim insonni ulugʻlaydi”, degan shior ostida Qoʻqon universiteti tashabbusi asosida “Qorakoʻl ziyo” nodavlat taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda respublika umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida matematika fanidan “Qoʻqon olimpiadasi” yuqori saviyada oʻtkazildi.