Yotoqxonada yashirin kuzatuv kamerasi o‘rnatishda ishtirok etgan prorektor ishdan bo‘shatildi

    Vazirlik inson shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, shaxsiy ma’lumotlarni ochiqlashga urinish kabi xatti-harakatlarni qattiq qoraladi.

    Qoʼqon davlat pedagogika institutida talabalar yotoqxonasiga yashirin kuzatuv kamerasi oʼrnatilgani haqida xabarlar tarqalgan, kecha, 5 aprelь kuni institut matbuot xizmati holatga izoh bergan edi. Mazkur institut talaba qizlari shikoyatiga koʼra holat Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda Vazirlik Axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, vazirlik inson shaxsiy hayotiga oʼzboshimchalik bilan aralashish, shaxsiy maʼlumotlarni ochiqlashga urinish kabi xatti-harakatlarni qattiq qoralaydi, ushbu holatni talaba-qizlarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish deb baholaydi. Hech kim inson erki va shaxsiy hayotiga daxl qilishga haqi yoʼq, deb hisoblaydi.

    Shu bois, bevosita jarayonda ishtirok etib, xizmat vazifasini suiisteʼmol qilgan 4 nafar masʼul xodim, jumladan, voqeada bevosita ishtirok etgan prorektor egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Yana bir mutaxassisga esa intizomiy jazo chorasi qoʼllanildi.

    Shu oʼrinda, voqea ishtirokchisi boʼlgan qizlarning tazyiqsiz taʼlim olishlari kafolatlanadi.

    Oʼz navbatida, huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruv ishlari davom ettirilayotganini maʼlum qilingan.