Viloyat hokimi zavod rahbariyatiga shunday tashabbusni boshlagani uchun minnatdorchilik bildirdi va ramziy lenta qirqilib, dastlabki koʻchatlar oʻtqazildi. Shundan soʻng mutasaddilar va mehmonlar tomonidan archa koʻchatlari ekilib, koʻkalamzorlashtirish tadbiri boshlanib ketdi.
Bugun start olgan maxsus dasturga asosan zavod hududida 22 ming tup koʻchat, jumladan, 3 mingta qaragʻay, 5 ming tup archa, 3,5 ming dona terak, 3 ming dona mevali daraxtlar koʻchati, ming dona atirgul koʻchatlari ekish reja qilingan. Ushbu hayrli ishlardan koʻzlangan maqsad havo ifloslanishining oldini olish, ishchilarning salomatligini asrash va ularning munosib hordiq chiqarishlariga sharoit yaratishdan iborat.
Shu kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov avvalgi Qoʻqon superfosfat zavodi oʻrnida singapurlik investorlar tomonidan butunlay yangi tizim va eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanib, dastlabki mahsulot ishlab chiqarishni boshlagan korxonadagi olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. 30 gektardan ziyod hududni egallagan mazkur zavodda qishloq xoʻjaligi uchun muhim sanalgan oʻgʻit ishlab chiqarishdagi asosiy jarayonlar avtomatik boshqaruvga oʻtkazilgani diqqatga sazovor.
Hozir zavodda 350 nafar ishchi xizmat qilmoqda. Yil oxirigacha toʻliq quvvat bilan ish boshlangach, 600-700 nafar doimiy ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.