5 may  kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev hamda mamlakat birinchi xonimi Mehribon Alieva Qorabog' hududida O'zbekiston tomonidan qurilayotgan maktab binosi bilan tanishdi.

Fuzuliy tumanida o'zbek xalqidan tuhfa sifatida barpo etilayotgan ta'lim maskani 960 o'quvchiga mo'ljallangan bo'lib, 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika kabineti, 5 ta maxsus o'quv xonalari, kutubxona, majlislar zali, sport zal va o'yin maydonlarini o'z ichiga oladi.

Ozarbayjon davlat axborot agentligi xabariga ko'ra, qurilish ishlari yuqori sifat va darajada olib borilmoqda.  3 gektar hududni egallagan inshoot joriy yil dekabr` oyida bitkazilishi rejalashtirilgan.

Ozarbayjon 2020 yilda 44 kunlik urush yakunida qariyb 30 yil davomida ishg'ol ostida bo'lgan tarixiy erlari – Qorabog'ni qaytarib olishga muvaffaq bo'ldi. Ayni paytda hududda keng ko'lamli tiklash loyihalari amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston prezidenti SHavkat Mirziyoev yaqin qardosh, strategik hamkor Ozarbayjon xalqiga do'stlik ramzi sifatida Qorabog'da maktab qurib berilishini ma'lum qilgan edi. U, shuningdek, O'zbekiston Qorabog' zaminidagi ko'hna obidalar, madaniyat va ma'rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo'shishga tayyor ekanini ta'kidlagan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev O'zbekiston tomonidan Fuzuliy tumanida maktab qurib berish tashabbusini qardoshlik, do'stlik va birdamlik ramzi deb baholagan.