Tarmoq rivojining asosiy omili dunyo miqyosida qoʻy juniga boʻlgan talab yuqori ekani bilan belgilanadi. Bu bejiz emas, zero ushbu xomashyoning qator foydali xususiyatlari borki, inson tanasiga xos tabiiy haroratni ushlab turish, bakteriyalarni yoʻq qilish, yalligʻlanishni tuzatish kabilar shular jumlasidan. Chunonchi, jundan toʻqilgan mato inson tanasidan chiqayotgan terni oʻziga singdiradi, lekin quruqligicha qoladi. Unda saqlangan lanolin moddasi esa koʻplab kasalliklarga shifo hisoblanadi.
Ana shunday serdaromad soha yurtimizda yoʻq boʻlib ketish yoqasiga kelib qolgan edi. Choʻponlarimiz qirqilgan junni sotish u yoqda tursin, utilizatsiya qilishga ham joy topolmasdi. Aslida, jun ishlab chiqarish qorakoʻlchilikda eng daromadli va istiqbolli yoʻnalishlardan biri. Shu jihatlar eʼtiborga olinib, soʻnggi yillarda sohani tubdan isloh qilishga kirishildi.
Prezidentimizning 2020-yil 2-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganidan soʻng vaziyat tubdan oʻzgardi. Yillar davomida eʼtiborsiz qolgan qorakoʻlchilik sohasi qayta tiklandi. Qirqim mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazishga Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu jihatdan 2021-yil bahorgi qirqim mavsumi qamrovi, sifati va uyushqoqligi jihatidan keyingi 30 yil mobaynida misli koʻrilmagan koʻlam kasb etdi. Yurtimizda havo harorati, qoʻylardagi tivit qatlamining koʻtarilishidan kelib chiqib, qirqim mavsumi 15-apreldan 15-maygacha oʻtkazilishi belgilandi. Mavsum davomida 9 ming tonna jun xomashyosi tayyorlash rejalashtirilgan. Kooperatsiya asosida klasterlarga birlashtirilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan 4,2 ming tonna, aholi xonadonlarida boqilayotgan qoʻylardan 4,7 ming tonna jun xomashyosi olinadi.
Bahorgi qirqim – juda ahamiyatli davr. Chunki eng sifatli, uzun, pishiq va serdaromad jun aynan shu payt olinadi. Mavsum koʻngildagidek oʻtishi uchun bir necha oy puxta tayyorgarlik koʻrildi. Jumladan, joylarga zamonaviy asbob-uskunalar yetkazib berildi, qirqimxonalar jihozlandi. Endilikda qoʻylarning qirqishdan oldin choʻmiltirilayotgani xomashyo sifatini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Bandlik – qirqim jarayonining yana bir muhim jihati. Klasterlar qirqimga asosan yoshlarni jalb qilyapti, bu esa yuzlab yoshlar ish oʻrniga ega boʻlayotganini anglatadi. Shu kunlarda klasterlarda qirqib olingan qorakoʻl qoʻylari juni mamlakatimizdagi 13 ta qayta ishlash korxonasiga yetkazib berilmoqda. Shunisi eʼtiborliki, birgina may oyida ushbu quvvatlar yana 6 taga koʻpayib, zavodlar soni 19 taga yetkaziladi.
Ushbu korxonalarga keltirilgan qoʻy juni birlamchi qayta ishlanib, yuvib-tarab, presslanadi va eksportga tayyor holga keltiriladi. Ayni paytda jun xomashyosi asosan Xitoy, Rossiya va Afgʻonistonga sotilmoqda.
Bu borada xorijiy davlatlardagi talab va taklif oʻrganilib, eksport geografiyasini kengaytirish ustida ish olib borilmoqda. Xususan, Turkiya, Qatar kabi mamlakatlarga jun, kigiz, Shvetsiya va bir qator Yevropa davlatlariga kalava ip sotish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda.
Hozirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Andijon viloyatlarida jun xomashyosini toʻliq qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilgan.
Soʻnggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar iqtisodiyotimizning turli tarmoqlari, jumladan, qorakoʻlchilik rivojiga ragʻbat berib, yurt ravnaqi, el farovonligiga xizmat qilmoqda.
Behzod YUSUPOV,
Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari