Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanidagi maktablarning ichki koʻrinishlari Finlyandiya tajribasi asosida bezatilmoqda. 

Ayni kunlarda esa, tumandagi umumtaʼlim maktablarini yangi 2023-2024 oʻquv yili uchun tayyorlash ishlari qizgʻin davom etmoqda. 

Eng asosiysi esa, yangi oʻquv yilidan boshlab maktablarning ichki koʻrinishlarini Finlyandiya tajribasi asosida bezatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Aslida bu  jarayonga joriy yilning boshidayoq kirishilgan edi.

Shu oʻrinda  haqli bir savol tugʻiladi. Finlyandiya tajribasi asosida bezatishning oʻziga xosligi nimada? Nega, aynan Finlyandiya tajribasi qoʻllanilmoqda?

– Finlyandiya tajribasiga koʻra, maktabdagi har bir joy oʻquvchilar uchun oʻrganish joyi boʻlishi kerak,, deydi, – tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Hamza Elliyev. 

- Misol uchun, devorlar, zinapoyalar, stol stullarning shakllari, foyelarning bezatilishidan ham oʻquvchi oʻzi uchun kerakli bilim olmogʻi lozim. Bu oʻquvchining tafakkuriga va aqliy salohiyatining oʻsishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Nima ham derdik, izlanish va intilishlar yangi imkoniyatlarning debochasidir.

Demak, yangi oʻquv yilidan mazkur tumandagi barcha maktablar oʻz oʻquvchilarini yangicha qiyofa bilan kutib oladi.

Gulchehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri