Qoramollarning genetik pasporti yaratiladi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 28-iyun sonida jurnalist Sevara Abdullayevaning “Qoramollarning genetik pasporti yaratiladi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Shu yilning 6-10-iyun kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligida “Agrar sohada innovatsion texnologiyalar” haftaligi boʻlib oʻtdi. Uning doirasida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy seminarlarda qishloq xoʻjaligi sohasida yaratilayotgan innovatsion ishlanmalar va texnologiyalar, ular yordamida yetishtirilayotgan sifatli va raqobatbardosh yangi mahsulotlar namoyish etildi.

    Seminarning ikkinchi kuni chorvachilik sohasidagi innovatsion texnologiyalarga bagʻishlandi. Taqdimot davomida biotexnologiya yoʻnalishidagi bir loyiha eʼtiborimizni tortdi. Bu “Noyob zotli hayvonlarni genetik jihatdan pasportlashtirish uchun molekulyar panellar ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy-amaliy loyiha edi. Loyiha rahbari — Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim mudiri, qishloq xoʻjaligi fanlari nomzodi Husanjon Gʻiyosovdan loyihaning dolzarbligi, maqsadi, vazifalari va kutilayotgan natijalar haqida soʻradik.

    — Bugun aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda agrar sohaning, jumladan, chorvachilikning oʻrni beqiyos. Kunlik ozuqa ratsionimizni sut, goʻsht, parranda goʻshti, tuxum va shifobaxsh asalsiz tasavvur qilolmaymiz. Bu mahsulotlar asosida turli taom va yeguliklar tayyorlash mumkin, — deydi Husanjon Gʻiyosov. — Chorvachilik amaliyotida aksariyat hollarda zotdor, samarador jonivorni tanlash, uning nasl va mahsuldorlik koʻrsatkichini baholashda anʼanaviy usullardan foydalanib kelinadi.

    Buning uchun kamida 3-4 yil, ayrim hollarda 5-10 yil kerak. Agar ularning nasli haqida hujjat boʻlsa, avlodlari shajarasi sifatiga qarab baholanadi. Hujjati boʻlmasa, onasining tashqi koʻrinishi, salomatligi va mahsuldorligiga qarab xulosa qilinadi. Agar onasi koʻp sut beradigan boʻlsa, xaridor uning bolasi ham sersut boʻladi, degan fikrda buzoqni xarid qiladi.

    Uning oʻsishi va rivojlanishi uchun mablagʻ sarflaydi. Lekin 3-4 yildan keyin undan kutilgan mahsulotni olib boʻlmasligi mumkin. Chunki baʼzi hollarda yuqori mahsuldor sigirning avlodida xoʻjalik uchun foydali belgilar namoyon boʻlmaydi. Sababi, juftlashish natijasida hosil boʻlgan gamettada muhim genlarning qulay kombinatsiyasi buzilib ketadi.

    Shuning uchun bu usulni butunlay toʻgʻri deb boʻlmaydi. Bundan tashqari, ayrim hayvonlar irsiy kasalliklar, masalan, gemofiliya, yaʼni leykoz, adgeziya va boshqa ogʻir kasalliklar tashuvchisi boʻlishi mumkin. Ularni erta aniqlash va zarur choralar koʻrish muhim ahamiyatga ega. Chorva mollarni tanlashda molekulyar-genetik usullardan foydalanish eng toʻgʻri yoʻl. Seleksiya-naslchilik ishlarini olib borishda zamonaviy genom seleksiyasidan foydalanish ham juda muhim.

    u ilgʻor texnologiya hayvonlarning nasl va mahsuldorlik koʻrsatkichini erta aniqlash va prognozlash, jonivorlarni qisqa muddatda ishonchli genotiplash, identifikatsiya qilish, urchitish uchun munosib juftlarini tanlash hamda seleksiya ishlarini jadallashtirish imkonini beradi.

    Uy hayvoniga pasport nega kerak?

    — Loyihamizning asosiy maqsadi Oʻzbekistonda genetik xilma-xillikni asrash, jumladan, yoʻqolib ketish darajasiga kelib qolgan milliy Bushuyev zotli qoramollarning qimmatli genofondini molekulyar-genetik tadqiqotlar oʻtkazish orqali saqlash, zotning genetik pasportini yaratishga qaratilgan, — deya fikrini davom ettiradi olim. — Shuningdek, loyiha Prezidentimizning oʻtgan yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2020-yil 25-noyabrdagi “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosiga yoʻnaltirilgan.

    Har bir hayvonning DNKsi va genotipi har xil boʻladi. Chetdan naslli mol keltirilganda uning qaysi zotga mansubligi va haqiqiy nasl koʻrsatkichlarini ushbu usul orqali aniq bilish mumkin. Chetdan keltirilgan mollarni issiq iqlim sharoitimiz hamda xoʻjaliklarning oziqlantirish va saqlash sharoitlariga moslashtirish, zamonaviy usullardan foydalanib, ularning mahsuldorligini oshirib borish ham asosiy vazifalarimizdan.

    Chorvachilik ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriyalarida biotexnologiya yutuqlaridan ilgari ham foydalanilgan. Masalan, embrion tranplantatsiyasi amalga oshirilgan. Lekin laboratoriya jihozlari eskirgani va ularni yangilash uchun institutda yetarli mablagʻ boʻlmagani uchun bu ishlar toʻxtab qolgan edi. Toʻgʻri, ushbu yoʻnalishda olib boriladigan tekshiruvlar qimmat turadi. Koʻp yangi zamonaviy genetik tadqiqotlar uslubiyatini yoshlarimiz hali mukammal bilmaydi.

    Shu sababli yosh olimlarni stajirovkaga joʻnatishga kirishganmiz. Bu borada Innovatsion rivojlanish vazirligining maxsus dasturi orqali koʻplab yosh olimlarimiz rivojlangan davlatlarda boʻlib, ilgʻor texnologiyalardan foydalanishni oʻrganib kelmoqda.

    Ishning amaliy ahamiyati nimada?

    — Loyiha doirasidagi tadqiqotlar Toshkent va Sirdaryo viloyatlari xoʻjaliklarida Bushuyev zotli va boshqa naslli qoramollarda oʻtkaziladi. Molekulyar-genetik tadqiqotlar Fanlar akademiyasining Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutining zamonaviy laboratoriyasida olib boriladi, — deydi Husanjon Gʻiyosov. — Oʻzbekistonda yaratilgan Bushuyev zotli mollarning qoni birinchi marta innovatsion texnologiya asosida genetik tahlil qilinadi va ularning genotipi aniqlanadi. Toza zotli va duragay hayvonlar identifikatsiya qilinadi.

    Har bir mol DNKsi ajratib olinadi, xromosomalardagi nasl va mahsuldorlikka bevosita taʼsir etuvchi muhim genlarning holati va oʻzgarishi oʻrganiladi. Ilmiy-amaliy loyihaning amalga oshirilishi natijasida qator natijalarga erishiladi. Jumladan, Bushuyev zotli qoramollar genofondini saqlash maqsadida ularning DNK markerlari aniqlanadi va qimmatli xoʻjalik xususiyatiga ega genlar polimorfizmi baholanadi.

    Hayvonlarning xoʻjalik uchun foydali belgilari genetik jihatdan oʻrganilib, mazkur noyob zotli hayvonlarni genetik jihatdan pasportlashtirish uchun molekulyar panellar ishlab chiqiladi. Ikkinchidan, ushbu zotli qoramollarning genetik pasporti ishlab chiqiladi. Genetik pasport hayvonlarning nasl va mahsuldorlik koʻrsatkichini oldindan prognozlash imkonini beradi.

    Nasli past hayvonlarni erta aniqlash va ularni podadan chiqarish hisobiga mahsuldor mollar podasini shakllantirish ular bilan olib boriladigan seleksiya-naslchilik ishlarini jadallashtiradi. Noyob zotli hayvonlar genofondini saqlab qolish, mahsuldorligi va bosh sonini koʻpaytirish imkoniyatini kengaytiradi.

    Uchinchidan, yurtimizning issiq iqlimiga yaxshi moslashgan Bushuyev zotli mollar bosh soni va populyatsiyasini koʻpaytirish, ularning koʻpaytirilishini genetik nazorat qilish imkoniyati paydo boʻladi.

    Toʻrtinchidan, noyob zotli hayvonlarning biomateriallari banki yaratiladi. DNK markerida aniqlanadi va qimmatli xoʻjalik koʻrsatkichlariga ega genlar uchun polimorf baholanadi. Keyinchalik xalqaro genetik maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilinadigan maʼlumotlar banki yaratiladi. Loyihamiz moliyalashtirilgach, institutning biotexnologiya laboratoriyasi zamonaviy apparatlar bilan jihozlanadi. Ularda ishlovchi kadrlarni hozirdan tayyorlayapmiz.

    Moliyalashtirish boshlangach, yangi yoʻnalishdagi molekulyar-genetik tadqiqotlarga kirishamiz. Milliy qoramol zotining genetik pasportini yaratish ishlari allaqachon boshlangan. Bu chorvachilik sohasida molekulyar-genetik tadqiqotlarga asoslangan va milliy Bushuyev qoramol zotining genetik pasportini yaratish bilan yakunlanadigan istiqbolli ilmiy-amaliy loyihadir.

    Oldimizda bundan-da ulkan vazifalar turibdi. Yurtimizda koʻpaytirilayotgan boshqa qoramol zotlarini, mashhur qorabayir ot naslini, qorakoʻl, jaydari va hisori qoʻylarni, angor echkilarni hamda kulangi zotli jangovar dakang xoʻrozlarning genetik pasportini yaratish shular jumlasidan.