Bugun mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu gʻoya asosida oʻtkazilayotgan keng koʻlamli islohotlar tufayli Qoraqalpogʻiston ham oʻzining yangi taraqqiyot davriga qadam qoʻymoqda.
Prezidentimiz Orolboʻyi hududini
barqaror rivojlantirish, u yerda yashayotgan aholining hayot sifati va turmush
darajasini muttasil oshirib borish masalalariga doimiy eʼtibor qaratmoqda. Bu
haqda soʻz yuritganda, 2017-yildan hozirga qadar Qoraqalpogʻistonni ravnaq
toptirish, obod va farovon hududga aylantirishga qaratilgan 80 dan ortiq farmon
va qarorlar qabul qilinganini taʼkidlash lozim. Mazkur hujjatlar asosida
yaratib berilgan keng imkoniyatlar tufayli barcha sohada yangilanish va jadal
oʻsish roʻy bermoqda.
Misol uchun, Qoraqalpogʻistonning yalpi
hududiy mahsuloti 2017-yilda 13 trillion 500 milliard soʻm yoki 1 milliard 600
million dollarni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan davrda bu koʻrsatkich 4 barobar
oʻsib, joriy yil boshida 54 trillion soʻm yoki 4 milliard 500 million dollardan
oshdi. Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi hududiy mahsulot hajmi
2017-yildagi 7,5 million soʻmdan 26,5 million soʻmga yetdi.
Qisqa
muddatda biznes va investitsiyalar uchun qulay muhit, tadbirkorlarga daromad
topishi uchun yangidan yangi imkoniyatlar yaratilgani natijasida hozir ushbu
hududda zamonaviy sanoat va kuchli tadbirkorlar qatlami shakllandi. Buni oʻtgan
davrda korxonalar soni ikki barobar koʻpayib, 26 mingtaga, sanoat mahsulotlari
hajmi esa 4,2 barobar oʻsib, 29 trillion soʻmga yetgani misolida ham koʻrish
mumkin. 2017-yilda 6 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan
boʻlsa, bu koʻrsatkich qariyb 500 barobar oʻsib, 2025-yilda 2 milliard 500
million dollarni tashkil qilgani diqqatga sazovor. Eksport hajmi esa
2017-yildagiga nisbatan 13,5 barobar oshib, 2025-yilda 435 million dollarga
yetdi.
Aholi
va tadbirkorlar uchun berilgan alohida imtiyozlar haqida aytsak, tadbirkorlar
uchun foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulk
va yer soligʻi stavkalari 2 karra kamaytirildi. Ijtimoiy soliq 1 foiz etib
belgilandi. Natijada 2023-2025-yillarda 17 mingdan ortiq tadbirkor ixtiyorida
567 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ qoldi.
Bundan
tashqari, Qoraqalpogʻiston uchun loyihalarni amalga oshirish markazi, Tadbirkorlikka
koʻmaklashish direksiyasi, Qoraqalpogʻistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish
jamgʻarmasi faoliyat yuritmoqda. Hududda 7 yil muddatga 14 foizli, 2 yillik
imtiyozli davr bilan kreditlar berilishi yoʻlga qoʻyildi. Sanoat korxonalari
uchun elektr energiyasidan 15 foizli imtiyoz berilishi natijasida 2500 dan
ortiq korxonaning har oyda oʻrtacha 4-5 milliard soʻm mablagʻi tejalmoqda.
Bunday
imkoniyatlar tufayli kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi
2020-yildagi 62,5 foizdan 2025-yilda 65,5 foizga koʻtarildi. Sanoatdagi ulushi
esa mos ravishda 24,7 foizdan 41,3 foizga, xizmat koʻrsatishda 52,2 foizdan 74
foizga, eksportda 21,6 foizdan 43,7 foizga yetdi.
Aholining
yashash sharoitini yaxshilash va uy-joyga talabini qondirish maqsadida
qilinayotgan ishlar tufayli soʻnggi toʻrt yilda Orolboʻyida 8749 xonadonli 224
ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi. 1734 fuqaroga 53 milliard 400
million soʻmlik subsidiya ajratilib, boshlangʻich toʻlovi qoplab berildi. Joriy
yilda esa yana 4206 xonadonli 103 ta koʻp qavatli uy qurilmoqda.
Davlatimiz
rahbarining alohida topshirigʻi asosida hukumatning tegishli qarori qabul
qilinib, nochor holatdagi qariyb 18 ming 500 ta xonadon yangidan qurildi va
taʼmirlandi. Shu tariqa ogʻir sharoitda yashayotgan 70 mingga yaqin kishining
uy-joy sharoiti tubdan yaxshilandi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida
Mirziyoyeva Xoʻjayli tumanidagi Sarishingil, Jana Jap va Kun nuri mahallalarida
termitdan zarar koʻrgan 147 ta uyda yashayotgan odamlar bilan shaxsan uchrashib,
muloqot qildi. Shundan keyin bu oilalarni boshqa joyga koʻchirish uchun
byudjetdan 33 milliard soʻm ajratildi.
Taxiatosh
tumanida oʻtgan asrning 50-yillarida yogʻochdan vaqtinchalik yotoqxona sifatida
qurilgan 5 ta barak tipidagi uyda yashovchi toʻqsondan ortiq oila ham talabga
javob beradigan uylarga koʻchirildi. Qoʻngʻirot tumanining Boʻston va Jasliq
aholi punktlarida avariya holatidagi koʻp qavatli turar joylarda yashovchi
fuqarolarga yangi qurilgan koʻp qavatli uy-joylar bepul topshirildi.
Albatta,
Qoraqalpogʻistonning chekka tuman va ovullaridagi bunday ulkan bunyodkorlik
ishlari hududning ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasini tubdan oʻzgartirmoqda. Shu
oʻrinda yana bir misolni keltirib oʻtmoqchimiz. Nukus shahridan 440 kilometr,
Qoʻngʻirot tumani markazidan 340 kilometr olisda joylashgan Qoraqalpogʻiston
posyolkasi mamlakatimizning shimoliy darvozasidir. Ustyurtning qush uchsa
qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadigan bepoyon tekisliklari bagʻrida joylashgan
ushbu ovul hayotida Prezidentimizning 2018-yilda bergan topshirigʻidan keyin
tub oʻzgarishlar roʻy berdi.
Xususan,
25 ta koʻp qavatli uy, ichki yoʻl va yoʻlaklar taʼmirlandi. Koʻchalarga
yoritqichlar oʻrnatildi. Yosh oilalar, kam taʼminlangan hamda nogironligi
boʻlgan fuqarolar uchun 24 ta arzon uy-joy, bojxona xizmati xodimlari va
chegarachilar uchun xizmat uylari barpo etildi.
Hududdagi
41 kilometrli ichimlik suv tarmogʻi yaxshilandi, 16 kilometr ichki yoʻllar, 21
ta transformator, 3 kilometr gaz tarmogʻi va 16 ta gaz taqsimlash nuqtasi,
meteostansiya, temir yoʻl vokzalida taʼmirlash ishlari bajarildi, 2 ta bekat
qurildi.
Sakkizta
ijtimoiy obyekt, jumladan, ikkita umumtaʼlim maktabi, ikkita maktabgacha taʼlim
tashkiloti, oʻsmirlar sport maktabi, kollej, oilaviy poliklinika binosi
mukammal taʼmirlandi. Oʻtgan asrning 90-yillaridan buyon qarovsiz qolib ketgan
klub zamonaviy madaniyat saroyiga aylantirildi. Mahallada futbol va bolalar
maydonchasi barpo etildi. Tikuv sexi ishga tushirilib, 80 xotin-qiz doimiy
daromad manbai bilan taʼminlandi. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu olis chegara
hududda qilingan ishlar davlatimiz xalqparvar siyosatining yana bir amaliy
ifodasi boʻldi.
Hududda
yoʻllarni obod qilishga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan,
Qoraqalpogʻistonda keyingi 5 yilda 6579 kilometr uzunlikdagi yoʻllarda
qurilish-rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari bajarildi. Jumladan, 2533
kilometr asfalt va beton yoʻllarda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarilgan
boʻlsa, 4046 kilometr yoʻlga shagʻal yotqizildi.
“Qoʻngʻirot
— Beynov” avtomobil yoʻlining 240 kilometr qismiga sement-beton qoplamasi
yotqizilgani nafaqat Orolboʻyi hududi, balki mamlakatimiz hayotidagi ulkan
voqealardan biri boʻldi. Amudaryo ustida temir yoʻl va avtomobil yoʻlidan
iborat yirik qoʻshma koʻprik qurilib, foydalanishga topshirilishi bilan qoraqalpogʻistonlik
va xorazmliklarning asriy orzusi ushaldi.
Keyingi
9-10 yilda ijtimoiy sohada ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, davlat qaramogʻidagi 264 ta bolalar bogʻchasida qurilish va
rekonstruksiya ishlari bajarilib, qamrov 2016-yildagi 25 foizdan 84 foizga
yetkazildi va Qoraqalpogʻiston bu borada eng ilgʻor hududlardan biriga aylandi.
Shuningdek,
224 ta maktab qurilgani va mukammal taʼmirlangani hisobiga minglab yangi
oʻquvchi oʻrni ochildi, uch smenali oʻqish toʻliq tugatildi.
Islohotlar
boshlanganidan buyon hududdagi oliygohlar soni 6 tadan 11 taga yetkazildi. Oliy
taʼlim muassasalariga qabul koʻrsatkichi 2016-yildagi 9 foizdan 55 foizga
koʻtarildi. Bularning barchasida qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun
ajratilayotgan qoʻshimcha kvotalar muhim asos boʻlmoqda. Hududda ishlab
chiqarish koʻlami kengayishi natijasida kadrlarga talab oshdi. Shu tufayli
Prezidentimizning farmoniga asosan 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab hozirga
qadar qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun qoʻshimcha 30 ming 700 oʻrin ajratib
berildi.
Orolboʻyida
2023-2025-yillarda 253 milliard 395 million soʻm hisobidan 67 ta sogʻliqni
saqlash obyektida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Tibbiyot rivojiga
qaratilayotgan eʼtibor natijasida aholi oʻrtasida kasalliklarni erta aniqlash
va oʻlim darajasini bir necha marta kamaytirishga erishildi. Nafas olish tizimi
kasalliklari kamayishi kuzatilmoqda. Jumladan, birlamchi kasallanish 2022-yilda
har 100 ming aholiga nisbatan 42 ming 449 nafarni tashkil etgan boʻlsa, bugunga
kelib bu koʻrsatkich 33 ming 294 nafarga tushdi. Nafas olish tizimi boʻyicha
umumiy kasallanish esa 100 ming aholiga 14 ming 798 nafarni tashkil etgan
boʻlsa, hozir 10 ming 50 nafarga tushdi. Eʼtiborlisi, bunday ijobiy oʻzgarish
muttasil saqlanib turibdi.
Davlatimiz
rahbarining “Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi” degan, ezgu tashabbusi asosida
tumanda roʻy berayotgan oʻzgarishlar kishini quvontiradi. Ilgari umidsiz va
istiqbolsiz bir hudud sifatida qaralgan Moʻynoq bugun yangi imkoniyatlar va
taraqqiyot hududiga aylandi. Qisqa muddatda tumanning meʼmoriy qiyofasi
yangilandi, infratuzilma sezilarli darajada yaxshilandi, koʻplab ishlab
chiqarish korxonalari tashkil etildi.
Boʻzatov
qayta tashkil etilgan paytda tuman markazi tashlandiq holga kelib qolgandi. Bu
yerdagi bunyodkorlik ishlari natijasida bugun hudud Orolboʻyidagi eng soʻlim va
obod maskanlardan biriga aylandi.
Prezidentimiz
faoliyatining ilk davrlaridan Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq muammolarni
bartaraf etishga katta eʼtibor qaratib kelmoqda. Davlatimiz rahbari 2018-yil
noyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida olim va
mutaxassislar bilan uchrashib, qurigan dengizning salbiy taʼsirini kamaytirish
boʻyicha atroflicha fikr almashgan edi. Pirovardida dengiz oʻrnida yashil
qoplama — himoya oʻrmonlari barpo etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli
koʻrsatma va topshiriqlar bergandi.
Oʻsha
yilning dekabridan eʼtiboran yurtimiz boʻylab yangi harakat boshlandi.
Mamlakatimizning barcha hududi vakillari, Favqulodda vaziyatlar va Qishloq
xoʻjaligi vazirliklari tizimi xodimlari, oʻrmonchilar ayni qish chillasida,
25-30 darajali sovuqqa qaramay, amaliy ishlarga kirishdi.
Birinchi
mavsumning oʻzida 1 million 125 ming gektar maydonda qumni ushlab qolish va
namlikni saqlab turish uchun yer tayyorlash ishlari bajarildi. 461 ming gektar
yerga sahro sharoitiga mos saksovul, cherkez, qandim, qorabaroq kabi
oʻsimliklar ekildi.
Shu
oʻrinda taqqoslash uchun bitta misol keltiramiz. 1984-2018-yillarda, yaʼni 34
yil davomida Orolboʻyi hududidagi 350 ming gektar maydonda oʻrmon barpo etilgan
boʻlsa, 3-4 oydayoq ushbu maydondan 111 ming gektar koʻp yashil qoplama tashkil
qilindi. Bu tom maʼnodagi tarixiy voqea, Orolboʻyida yangi davrning boshlanishi
edi. Prezidentimiz rahbarligida kelajak avlodlarga toza havo, musaffo osmon,
goʻzal tabiat, obod va farovon Vatan qoldirish maqsadidagi ulugʻ ishlarning
debochasi edi.
Davlatimiz
rahbarining topshirigʻiga binoan oʻshandan buyon har yili Orol dengizining
qurigan tubida qish va bahor oylarida yashil qoplamalar barpo etish boʻyicha
hukumatimizning alohida qarori qabul qilinmoqda. Ushbu hujjatlarda
bajariladigan barcha ishlarning koʻlami va moliyaviy manbasi aniq belgilab
berilayotgani muhim amaliy ahamiyatga ega.
Oʻtgan
yillarda Orolga yangi hayot baxsh etishga qaratilgan ishlar umumxalq harakatiga
aylandi. Bunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, qishloq xoʻjaligi xodimlari va
oʻrmonchilar bilan birga yoshlar, nuroniylar, ziyolilar, sanʼatkorlar,
deputatlar, bir soʻz bilan aytganda, butun xalqimiz faol ishtirok etmoqda. Qurigan
dengiz tubi koʻp millatli xalqimizning mardlik va matonat, hamjihatlik va
mehr-oqibat maktabiga aylandi.
Kuzatuv
va hisob-kitoblarga koʻra, 2018-2025-yillarda ekilgan oʻsimliklarning oʻrtacha
koʻkaruvchanligi 55-60 foizni tashkil etmoqda. 2019-2020-yillarda barpo etilgan
oʻrmonlarda saksovulning boʻyi oʻrtacha 2-3 metrga yetgan. Hozir
oʻsimliklarning urugʻ tugib, yon-atrofga sochilish — tabiiy tiklanish jarayoni
kuzatilmoqda.
Mamlakatimiz
yetakchisi Qoraqalpogʻistonga har bir tashrifida Orol dengizida qilinayotgan
ishlar bilan tanishishga alohida vaqt ajratadi. Dengiz tubidagi ishlar
davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori va nazoratida. Qanday uchrashuv, muloqot
boʻlmasin, doim ishlar qanday ketayotgani toʻgʻrisida soʻraydi.
Prezidentimiz
2022-yil fevralda Orol dengizi tubida qilinayotgan ishlar bilan bevosita
tanishdi, “yetmishinchi kilometr” deb shartli belgilab olingan hududni borib
koʻrdi. Aytish mumkinki, barq urib koʻkarayotgan saksovullar bilan “gaplashdi”
va “dillashdi”. Bamisoli farzandining kamolini koʻrgan ota kabi xursand boʻldi.
Atrof-muhit muhofazasi, Orolboʻyida yashayotgan aholining salomatligi, turmush
sharoiti bilan bogʻliq ushbu ishlarni bir muddat ham toʻxtatmaslik, zarur
mablagʻ va vositalarni ajratish yuzasidan qoʻshimcha koʻrsatma va topshiriqlar
berdi.
Ana
shunday eʼtibor tufayli Orolda bajarilayotgan ishlarning ijobiy natijalari
allaqachon namoyon boʻla boshlagan. Hozirgacha 2 million 97 ming gektar
maydonda choʻl oʻrmoni paydo boʻldi. Buning uchun 8500 tonnaga yaqin choʻl
oʻsimliklari urugʻi ekildi. Natijada hududda ilgari tez-tez kuzatiladigan
qum-chang boʻroni keskin kamaydi, havo tarkibidagi mayda qum zarralari miqdori
esa 70-75 foiz pasaygan. Yogʻingarchilik miqdori oshishi kuzatilmoqda. Joriy
yil fevralda Moʻynoqda yogʻin miqdori oʻrtacha meʼyorga nisbatan 196 foiz koʻp
boʻldi. Orol tubiga mart oyida ham qor yogʻdi.
Orolning
qurigan tubida qilinayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof
etilmoqda. Xususan, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMTning Choʻllanishga qarshi konvensiyasi
ijrochi kotibi Ibrohim Tiau 2023-yilda ushbu hududda boʻlib, koʻrganlaridan
hayratini yashira olmadi. Ibrohim Tiau Oʻzbekistonning yashil olamni qayta
tiklash borasidagi tashabbuslari va erishayotgan yutuqlari jiddiy ekanini
taʼkidlab, mamlakatimiz yer degradatsiyasining oldini olish, yerlarni qayta
tiklash boʻyicha yetakchi davlatlar qatoriga kirgani, amaliy harakatlari bilan
barchaga namuna boʻla olishini aytdi.
Oʻzbekistondagi
qirqdan ortiq xorijiy davlat elchixonalari va xalqaro tashkilotlar
vakolatxonalari vakillari ham 2023-yili Moʻynoq shahri va Orol tubida boʻlib,
oʻzgarishlarga yuksak baho berdi. Yaqinda BMTning Oʻrmon forumi raisi Ismail
Belen va Oʻrmon forumi kotibiyati direktori Julette Biao ham dengiz tubidagi
keng koʻlamli ishlar bilan yaqindan tanishib, Oʻzbekistonning Orol hududida
yangi ekologik tizim yaratish borasidagi tajribasini yuksak eʼtirof etgani
bejiz emas, albatta.
Bu
noyob tajriba qoʻshni mamlakatlarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Misol
uchun, 2020 va 2024-yillarda qozogʻistonlik olim va mutaxassislardan iborat
ilmiy guruh oʻzaro tajriba almashish uchun ushbu hududda boʻldi.
Koʻkalamzorlashtirish boʻyicha loyiha natijalari ularni hayratga soldi.
Samolyot yordamida sepilgan urugʻlarning yuqori unuvchanligi ular uchun muhim
yangilik boʻlganini alohida qayd etdi.
Qozogʻiston
delegatsiyasi yurtimizda toʻplangan tajribani yaqindan oʻrganib, choʻllanish
muammosini hal qilishda yangi bilim va imkoniyatlarga ega boʻldi. Kelgusida
ular oʻz mamlakatining janubiy qismidagi choʻl hududlarda qumning
harakatlanishiga toʻsqinlik qiladigan “yashil kamar”ni yaratish boʻyicha
qoʻshma loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Oʻtgan
yili Orolda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligining ilmiy-tadqiqot
stansiyasi ish boshladi. U yerda olim va mutaxassislar shoʻrlangan tuproq
unumdorligini tiklash, shoʻrga chidamli oʻsimliklar rivojlanishi va
changlanishini kuzatish, tuproq, qum koʻchishi, suv va iqlim oʻzgarishlari kabi
jarayonlarni tahlil qilish bilan shugʻullanadi.
Mutaxassislarning
aytishicha, stansiya Orolboʻyi hududida ekotizimni tiklashga qaratilgan yangi
ilmiy yondashuvlarni sinovdan oʻtkazish, olingan natijalarni tizimli tahlil
qilish va ularni amaliyotga joriy etish imkonini beradi. Bu esa mintaqaning
uzoq muddatli ekologik barqarorligini taʼminlashda muhim ilmiy platforma boʻlib
xizmat qiladi.
2026-yilda
215 ming gektar maydonda yashil qoplama barpo etish belgilangan boʻlsa, undan
koʻproq — 231 ming 530 gektar maydonga 690 tonna saksovul va boshqa oʻsimliklar
ekildi. Ushbu tadbirlarga oʻrmon xoʻjaligining 622 ishchisi, 730 ta maxsus
texnika va agregat, 2 ta samolyot jalb etildi.
Xullas,
hozir Orol dengizi ochiq osmon ostidagi ilmiy laboratoriyaga, yangi
ilmiy-amaliy gʻoya va ishlanmalar yaratiladigan innovatsion hududga aylanib bormoqda.
Ahamiyatlisi,
bu yerda boʻy choʻzayotgan yangi oʻrmonlar bagʻrida xalqaro ilmiy anjumanlar,
doʻstlik va sayyohlik festivallari, yoshlar ishtirokida turli-tuman tadbirlar,
uch avlod uchrashuvlarini oʻtkazish anʼana tusiga kirmoqda.
Yaqinda
Qozogʻistonning Ostona shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi
davlatlari rahbarlari kengashi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Prezidentimiz
2027-2029-yillarda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi prezidenti etib
saylandi. Kengash majlisida davlatimiz rahbari tomonidan iqlim oʻzgarishi va
suv taqchilligi kuchayib borayotgan sharoitda jamgʻarma faoliyati
samaradorligini oshirish va uning rolini kuchaytirishga qaratilgan qator amaliy
tashabbuslar ilgari surildi. Bu Orol dengizi havzasida ekologik vaziyatni
yaxshilash, suv resurslarini boshqarish va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal
etish boʻyicha qilinayotgan ishlar nafaqat mamlakatimizda, qolaversa,
mintaqamizda ham tizimli davom etishini anglatadi.
Umuman,
Qoraqalpogʻiston nufuzli xalqaro forumlar, rang-barang madaniy tadbirlar
tez-tez oʻtkaziladigan madaniyat va sanʼat markaziga aylanib bormoqda. Misol
uchun, Boʻzatov tumanida 2021-yildan buyon tashkil etib kelinayotgan “Yoshlar
ovozi” festivali koʻp millatli mamlakatimiz yoshlarini birlashtirayotgani bilan
gʻoyat muhim ahamiyatga ega.
Oʻtgan
yil aprelda yana bir yirik tadbir — Orol madaniyat sammiti muvaffaqiyatli
oʻtkazildi. Ushbu anʼanaviy forum Orolboʻyi hududida qulay tabiiy muhit
yaratish, hududning noyob madaniyati va tarixiy merosini asrab-avaylash hamda
keng ommalashtirish, ushbu yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari, innovatsion
loyihalar va ijodiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlik va
muloqotni kengaytirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz
tashabbusi bilan 2024-yili Nukus shahrida dunyoda eng katta qoraqalpoq oʻtovi
qad rostladi va “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritildi. Oʻtgan yili esa
qoraqalpoq xalqining milliy cholgʻu asbobi — qoʻbiz, jirovchilik sanʼati hamda
qora uyning YUNESKO madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgani qoraqalpoq madaniyati
va anʼanalariga koʻrsatilayotgan eʼtibor ifodasidir.
Oʻtgan
yili Nukus shahridan 130 kilometr uzoqlikdagi ulugʻvor Burjitov etagida bunyod
etilgan oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, bir soʻz bilan aytganda, turkiy
xalqlarning qadimiy madaniyati va turmush tarzini oʻzida ifoda etgan etnoovul
majmuasi sayyohlar eng koʻp keladigan maskanlardan biriga aylandi.
Shuningdek,
Ellikqalʼa tumanidagi “Aqchakoʻl” sayyohlik rekreatsion zonasi, Taxtakoʻpir
tumanidagi Qorateren dam olish majmuasida ulkan bunyodkorlik ishlari bajarildi
va sayyohlar uchun barcha sharoitga ega yangi turizm obyektlari paydo boʻldi.
Bunday
yirik loyihalar natijasida hududning sayyohlik salohiyati izchil oshib
bormoqda. Xususan, 2021-yilda Qoraqalpogʻistonda 61 ta mehmonxona faoliyat
yuritgan boʻlsa, bugun qariyb 2 barobar koʻpayib,
109
taga yetdi. 2021-yilda xorijlik sayyohlar soni 20 ming nafarni tashkil etgan
boʻlsa, oʻtgan yili 400 ming nafardan oshdi.
Bugun
iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga
qaratilgan bunday ishlar boshqa sohalarda ham bajarilmoqda. Xususan, Qoraoʻzak
tumanidagi “Tebinbuloq” koni negizida yiliga 58 million tonna temir rudasini
qazib olish quvvatiga ega zavod qurilishi qizgʻin davom etmoqda.
Aholi,
ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga talabini taʼminlash
maqsadida Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak va Beruniy tumanlarida dunyoga mashhur “ACWA
Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 7200 megavattli yirik shamol
elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlarida neft-gaz
sohasida umumiy qiymati 200 million dollarlik 4 ta loyiha amalga oshirilyapti.
Jahon
banki investitsiyasi hisobidan Nukus shahrida kanalizatsiya tarmoqlari va
obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari boshlandi. Xuddi shunday ishlar
Taxiatosh va Xoʻjayli tumanlarida ham bajariladi.
Amudaryo,
Beruniy, Qoraoʻzak, Qoʻngʻirot va Moʻynoq tumanlarida Osiyo taraqqiyot banki
mablagʻi hisobidan ichimlik suv taʼminotini yaxshilashga qaratilgan katta
hajmdagi ishlar jadal ketmoqda.
Bir
soʻz bilan aytganda, Qoraqalpogʻistonni har tomonlama rivojlantirish, avvalo,
ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatib, murakkab vaziyatda yashayotgan aholi
uchun qulay sharoitlar barpo etish yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlidagi
islohotlarning bosh maqsadlaridan biriga aylangan. Barcha yangi tashabbus va
saʼy-harakatlar ushbu hudud aholisi uchun munosib hayot sharoitlarini
yaratishga qaratilgan.
Davlatimiz
rahbarining doimiy eʼtibori va gʻamxoʻrligini his etib yashayotgan
Qoraqalpogʻiston ahli yuksak marralar sari ishonch bilan bormoqda. Bu esa ushbu
diyorni ekologik muammolar girdobida qolgan hududdan yangilanish, bunyodkorlik,
yangi imkoniyatlar maskaniga aylantirmoqda.
Tursinxan XUDAYBERGENOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidentining Orolboʻyi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari
boʻyicha maslahatchisi