Ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar bilan bevosita muloqot jarayonida yuzaga kelayotgan muammoli masalalar batafsil oʻrganildi, ularning har birini hal qilish boʻyicha mexanizmlar ishlab chiqildi.
Ishbilarmonlar asosan moliyaviy resurslarni ajratish, ilgari berilgan kreditlar boʻyicha toʻlov muddatlarini uzaytirish, yer uchastkalari, boʻsh bino va inshootlar ajratish, tegishli litsenziya va ruxsatnomalar olish, infratuzilmaviy kommunikatsiyalarga ulanish hamda qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish mexanizmlari bilan bogʻliq masalalarni koʻtardilar.
Har bir murojaat vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlarini jalb etgan holda alohida koʻrib chiqildi. Masʼul rahbarlarga aniqlangan muammolarni zudlik bilan hal qilish hamda tadbirkorlarga samarali amaliy yordam koʻrsatish yuzasidan topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Ushbu koʻrsatmalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda amalga oshiriladi.