Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmatining maʼlumotiga koʻra, hududlarda tuzilgan kengashlar zimmasiga  korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat va boshqa dasturlarning amalga oshirilishini tashkil etish, tegishli hududda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini taʼminlash vazifalari yuklanmoqda. Shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish ham ular faoliyatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi.

Bundan tashqari, hududiy kengashlar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash, chek qoʻyish, oqibatlari hamda imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini taʼminlash, korrupsiyaning holati va tendensiyalari toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish hamda tahlil etish, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirishga masʼul hisoblanadi. Ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash uchun tegishli hududda qilingan ishlar ijrosi haqida Milliy kengash ishchi organiga axborot taqdim etib boradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash va Milliy kengashga kiritish  ham  ularning muhim vazifalari sirasiga kiradi.