Tenderda ishtirok etishga 70ga yaqin xorijiy kompaniya qiziqish bildirdi. Oldindan malakali tanlovda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya, Singapur, Chexiya va Fransiyadan 16 ta kompaniya ishtirok etib, ulardan 12 tasi ushbu tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtdi.

Tenderning yakuniy bosqichida Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Future Energy company PJSC” (Masdar) (BAA) kompaniyasi, “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) va “Voltalia” (Fransiya) kompaniyasi oʻzaro raqobatlashdi.

Ishlab chiqariladigan 1 kVt*s elektr energiya uchun 2,5695 AQSH sentiga teng tarifni taklif qilgan “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha xalqaro tender gʻolibi deb, eʼlon qilindi.

Ishlab chiqariladigan 1 kVt*s elektr energiya uchun 2,6550 AQSH sentiga teng tarifi bilan “Masdar” (BAA) kompaniyasi ushbu tenderning zaxira gʻolibi deb, eʼlon qilindi.

Investitsiyaviy majburiyatlarga muvofiq, shamol elektr stansiyasi 2023-yilning oʻrtalariga kelib ishga tushiriladi. Elektr stansiyasining ishga tushirilishi yiliga 400 million kVt/s ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlaydi. SHES Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qorauzoq va Beruniy tumanlari hududida joylashadi. Loyihalarni amalga oshirishga jalb etiladigan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 140 mln dollarga baholanmoqda.

Loyiha Oʻzbekiston Hukumatining muqobil elektr energiya manbalarini joriy etish orqali mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilishga qaratilgan dasturining bir qismidir. Uning amalga oshirilishi mamlakatning umumiy energiya balansida qayta tiklanadigan manbalardan hosil boʻladigan elektr energiyasi ulushini 25 foizga yetkazish maqsadiga erishishga xizmat qiladi hamda 110 mingga yaqin xonadonga elektr energiyasi yetkazib berish, atmosferaga chiqariladigan uglerod chiqindilarini yiliga 157 ming tonnaga kamaytirish va qurilish davrida mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratishga imkon beradi.