Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “L.N.” MCHJ masʼul shaxslari “D.” MCHJdan “ISUZU” rusumli yuk mashinasini sotib olgandan keyin garovga qoʻyish sharti bilan hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit mablagʻining 595 mln soʻmini ushbu MCHJ orqali naqdlashtirib olib talon-taroj qilganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Qarshi shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergov qadar tekshiruvda fuqaro B.E. va boshqalar hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit evaziga xarid qilingan “Kia Karnival” rusumli avtomashinani sotib yuborib, bank manfaatlariga 354,9 mln soʻm zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.