Mazkur yoʻlning jami uzunligi 240 kilometrdan iborat boʻlib, taʼmirtalab qismi 100 kilometr. U “Jasliq – Karakalpakiya posyolkasi” oraligʻida joylashgan.

Ushbu yoʻlga qora qoplama yotqizilgan boʻlib, bir necha yillar davomida yoʻlning koʻtarish qobiliyatiga nisbatan ogʻir vaznda boʻlgan avtotransport vositalarining muntazam harakatlanishi oqibatida taʼmirtalab holatga kelib qolgan.

Bugungi kunda oʻrganishlar asosida mazkur holatlar inobatga olinib, avtomobil yoʻlining taʼmirga muhtoj qismini toʻliq rekonstruksiya qilish boʻyicha Hukumat qarori qabul qilindi.

Uning texnik iqtisodiy asoslari – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “A-380 “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yoʻlining 964 – 1204 kilometr (240 kilometr) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 5-martda imzolangan 124-sonli qarori bilan tasdiqlandi.

Joriy yilda oʻtkazilgan xalqaro tender natijalariga binoan Turkiyaning “Polat Yol Yapi San. ve Tic S.A.” kompaniyasi (964 – 1084 kilometr oraligʻi) hamda Xitoyning “China Road and Bridge Corporation”, “CCCC Third Highway Engineering Co. Ltd.” va “Sanmenxia City Changtong Road and Bridge Construction Co., Ltd.” kompaniyalari (1084-1204 kilometr oraligʻi) gʻolib deb topilib, bu boʻyicha shartnomalar imzolangan.

Qoʻshimcha tarzda shuni maʼlum qilamizki, mazkur loyiha 2021-2023-yillar oraligʻida toʻliq amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Hozirgi kunda loyiha doirasida xalqaro kompaniyalar tomonidan qurilish-montaj ishlarini boshlash boʻyicha maxsus texnikalar obyektga koʻchirilmoqda. Rejaga koʻra, iyun oyidan eʼtiboran yoʻlning taʼmirtalab qismida qurilish-montaj ishlari boshlab yuboriladi.

Transport vazirligi huzuridagi

Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi