“Beruniy Agrostar” Qoʻngʻirot, Beruniy va Chimboyda aylanmadan chiqqan 2 ming gektar yerni tiklab, ozuqa yetishtirishga moslashtirmoqda. Kelasi yili yana 5 ming gektar oʻzlashtiriladi. Bu 14 ming bosh qoramol uchun ozuqa bazasi boʻladi.
Boʻzatovda ham 7,5 ming gektar yerni ozuqaga moslashtirishga 100 milliard soʻm ajratiladi. Ozuqa yetishtirishga har gektar uchun 500 ming soʻm subsidiya berish boʻyicha oʻn kunda qaror kiritish topshirildi.
Misr tajribasini oʻrganish uchun 200 dan ziyod fermer, jumladan, qoraqalpogʻistonlik 26 nafar fermer ushbu davlatga yuborilgan. Dastlabki bosqichda Qoraqalpogʻistonning 20 ming gektar maydonida Misr tajribasi yoʻlga qoʻyiladi.
Choʻl hududlarida ozuqa yetishtirishni koʻpaytirish uchun Misrdan mutaxassislar va texnologiyalar jalb etiladi. Chorvachilik uchun Osiyo taraqqiyot bankidan olinayotgan 60 million dollar kredit va 8 million dollar grant birinchi navbatda shu loyihaga yoʻnaltiriladi.