Turizm bugun jahondagi koʻplab davlatlarning nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va siyosiy faoliyatining ham yetakchi tarmoqlaridan biriga aylandi.
Masalan, qaysidir mamlakat fuqarosi ikkinchi bir yurtga sayohat qiladigan boʻlsa, birinchidan, u sayohat qilish orqali miriqib dam oladi, maʼnaviy va intellektual ehtiyojlarini qondiradi. Ikkinchidan, jismoniy kuchini tiklaydi va rivojlantiradi. Buni inson uchun foydali jihat deb qaraydigan boʻlsak, turizmning mamlakat uchun ham, fuqarolar uchun ham foydasi koʻpligi ayon boʻladi.
Maʼlumotlarga qaraganda, sayohat va yoʻlovchi tashish xizmatlarini ham qoʻshib hisoblaganda, xalqaro turizm jahon xizmatlar eksportining 29 foizini tashkil etadi. Boshqacha aytganda, turizm eksport obyekti sifatida bugun toʻrtinchi oʻrinni mustahkam egallab turibdi. Aksar rivojlanayotgan davlatlarda esa birinchi oʻrinda.
Oʻzbekistonda ham barcha tarmoqlar qatorida turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, bu yoʻnalishda keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti.
Joriy yilning 29-mart kuni Prezidentimiz oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida soha salohiyatini jadal rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan vazifalar qoʻyildi. Bunga sabablardan biri Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi yigʻilishi yurtimizda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgani bilan bogʻliq.
Soʻnggi yillarda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Soha oldida turgan qator muammolar bartaraf etilib, ijobiy koʻrsatkichlarga erishilyapti.
Masalan, 2022-yilda Qoraqalpogʻistonga kelgan chet ellik sayyohlar soni 2021-yildagiga nisbatan 2 barobar koʻpaydi va 50 ming kishini tashkil etdi. 2023-yilda esa 110 mingdan ziyod xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda. Ichki sayyohlar soni oʻtgan yili 2021-yildagiga nisbatan 3 barobar ortib, 600 ming kishiga yetdi. 2023-yilda bu koʻrsatkich 663 ming nafar boʻlishi prognoz qilinyapti.
2016-yilda Qoraqalpogʻistonda bor-yoʻgʻi 18 ta joylashtirish oʻrni boʻlgan. Bugungi kunda ular soni 5 barobar ortib, 94 taga yetdi. Hududda 28 ta mehmonxona, 43 ta oilaviy mehmon uyi, 23 ta hostel bor. Ulardagi oʻrinlar soni 2 mingtani tashkil etadi. Shuningdek, 54 ta turoperator va turagent mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatmoqda.
Qoraqalpogʻistonda 288 ta madaniy meros va ziyorat obyekti roʻyxatdan oʻtkazilgan. Ularning 131 tasi arxeologik obyekt, 24 tasi arxitektura obyekti, 88 tasi monumental obyekt va 45 tasi diqqatga sazovor joylardir. 40 dan ziyod madaniy-meros obyekti turizm yoʻnalishlariga kiritilgan.
Mintaqada turizmni rivojlantirish hamda sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida universitetimizda 2018-2019 oʻquv yilida turizm bakalavr taʼlim yoʻnalishi ochildi. Hozirgi kunda mazkur taʼlim yoʻnalishida 178 talaba tahsil olmoqda. 2022-2023 oʻquv yilidan esa magistratura mutaxassisligi ham tashkil qilindi, unda 6 magistrant oʻqimoqda.
Qoraqalpogʻistonga sayyohlarni yanada koʻproq jalb etish maqsadida muntazam ravishda Navroʻz, milliy ot oʻyinlari, “Stixiya”, “Orol baliqlaridan 99 turli taom”, “Moʻynoq va Orolning qayta tiklanishi”, “Moʻynoq ralli” kabi tadbirlar oʻtkazib kelinyapti.
Qoraqalpogʻistonning turizm salohiyatini kengaytirish maqsadida Rossiyaning “ROSSIYA 24” va “REN TV”, Boshqirdiston markaziy telekanallari, Qozogʻistonning “Xabar 24” telekanali, shu bilan birga, AQSHning ”The Washington Post” gazetasi jurnalistlari uchun press-tur tashkil etilib, hujjatli film, reportajlar tayyorlandi hamda maqolalar chop etildi. Qozogʻistonning “SCAT” aviakompaniyasi “Bort” jurnali uchun xalqimiz madaniyati, urf-odatlari va turistik obyektlari haqidagi maxsus maqolalar tayyorlandi.
2022-yil noyabr oyida Oqtov shahrida Qoraqalpogʻiston va Qozogʻistonning turizm sohasidagi rasmiy vakillari hamda tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi.
Joriy yil Germaniya poytaxti Berlin shahrida “ITB BERLIN 2023” xalqaro turizm yarmarkasida Qoraqalpogʻiston delegatsiyasi ishtirok etib, respublikaning turistik salohiyatini keng targʻib qildi.
“Aral Dream” xalqaro PR dasturi doirasida 2022-yil may oyida Fransiyada oʻtkazilgan 75-Kann xalqaro kinofestivali doirasida “Aral Dream” dasturi taqdimoti oʻtkazildi. Qoraqalpogʻistonning turistik salohiyatini targʻibot qilish maqsadida Buyuk Britaniya va AQSHda nashr etiladigan ommabop “Bred Gayds” nashri tomonidan kitob-qoʻllanma chop etish ishlari olib borilmoqda.
Talabalarimizning nazariy va amaliy bilimlarini boyitish maqsadida TDIU, UrDU, SamISI va “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti professorlari va sohaning yetakchi mutaxassislari hamda universitetimiz professor-oʻqituvchilari oʻrtasida tajriba almashish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining ikki professori va ikki dotsenti turizm yoʻnalishida talabalarimizga dars berib kelyapti. Shuningdek, talabalarimiz uchun shahar va tumanlardagi turistik obyektlarni oʻrganish maqsadida amaliy safarlar tashkil qilinib, malakaviy amaliyotlar shu yerda oʻtkazilmoqda.
2021-2022 oʻquv yilida birinchi bitiruvchilarimiz oʻqishni tamomladi. Hozir ularning 65 foizi oʻz sohasi boʻyicha ishlayapti. 9 tasi esa xususiy biznesni yuritish maqsadida turfirmalar tashkil qilgan. Bitiruvchilarning aksariyati Qoraqalpogʻiston Turizm va madaniy meros vazirligiga hamda unga qarashli tashkilotlarga ishga joylashdi.
Talabalarimizga turizm marketingi, turizm va madaniy meros, sayohat agentliklari ishlari va menejment, gastronomiya, turizmda tadbirkorlik, restoran ishi, turopereyting, mijozlarga xizmat koʻrsatish texnologiyasi fanlari oʻqitiladi.
Qoraqalpogʻistonda investitsiya dasturlari va qoʻshimcha investitsiya loyihalari doirasida 2022-yili turizm va unga yondosh xizmat koʻrsatish tarmoqlarida 60 ta loyiha ishga tushirildi va 111 milliard 169 million soʻmlik investitsiya oʻzlashtirildi.
Orolboʻyi muammolari, ularni bartaraf etish va hududda sayyohlikni rivojlantirish yuzasidan keng qamrovli ishlar bilan jahon hamjamiyatini yaqindan tanishtirish, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar grantlari va investorlar mablagʻlarini hududga jalb etish boʻyicha turizm strategiyasini ishlab chiqish, targʻibot materiallari tayyorlash va tur-kompaniyalarning xalqaro turizm yarmarkalarida ishtirokini taʼminlash maqsadida Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti – “GIZ” tomonidan 300 ming yevro grant ajratildi.
Talabalarning amaliy bilimini boyitish uchun oliy oʻquv yurtimizda “GIZ UZBEKISTAN” tashkiloti tomonidan simulyatsion mehmonxona loyihasi amalga oshirilgan. Joriy yil aprel oyidan boshlab universitetimiz iqtisodiyot fakulteti hududida GIZ bilan birgalikda turizm yoʻnalishida taʼlim olayotgan talaba yoshlarning nazariy bilim va koʻnikmalarini amaliyotda yanada mustahkamlash maqsadida turizm laboratoriyasi ish boshladi.
Taʼlim jarayonini oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash asosiy masala hisoblanadi. Universitetimiz Axborot-resurs markaziga 2022-yilda TDIU olimlari tomonidan tayyorlangan, turizm sohasiga tegishli 30 nomdagi, “GIZ” tomonidan esa 60 nomdagi 300 dan ortiq kitob taʼlim yoʻnalishi talabalari uchun sovgʻa qilindi.
Turizmni rivojlantirish uchun malakali kadrlar tayyorlash bugunning dolzarb masalalaridan biridir. Universitetimiz ham bu vazifalar ijrosiga baholiqudrat hissa qoʻshishda davom etadi.
Ahmed REYMOV,
Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universiteti rektori,
professor