Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumani “Shohruxiya” mahalla fuqarolari yigʻini, Hosildor mahallasining janubida, Sirdaryoning oʻng qirgʻogʻida joylashgan Shohruxiya arxeologik yodgorligining daryoga tutash jarligida shu yerli fuqaro Shodiyor Ergashev koʻkimtir tusga kirib qolgan 427 dona mis tangalarning jamlanmasiga duch kelgan. Tangalarni olayotgan paytda ular solib qoʻyilgan mato qopcha titilib, kukunga aylanib ketgan.

Topilmaning noyobligini tushunib yetgan Shodiyor Ergashev bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutiga murojaat qildi. Topilmalar ilmiy jihatdan oʻrganilish uchun Institutga olib kelindi.

Koʻrinishidan zang bosib, koʻkimtir tusga kirib qolgan mis tangalarning bir nechtasi tozalandi. Oʻrganishlar natijasida ularning ogʻirligi 4 grammdan, diametri 31-33 mm.dan iborat ekanligi aniqlandi. Tangalarning har ikkala tomoniga boʻrtma shaklida arab yozuvida matnlar bitilib, bezaklar tushirilgan.

Tanganing old tomoniga qavariq koʻrinishdagi ikki qatorli, sakkiz qirrali geometrik shaklli hoshiya ichiga arab harflaridagi “Allohdan oʻzga iloh yoʻq, Muhammad Allohning Rasuli” soʻzlari bitilgan. Hoshiyadan tashqarida, tanganing chetiga ham aylanasiga arab harflarida soʻzlar yozilgan boʻlib, ular oʻchib ketganligi sababli nimalar yozilganini aniqlashning imkoni boʻlmadi.

Tanganing orqa tomoniga ham qavariq koʻrinishda ikki qator halqa ichiga nuqtachalar tushirilgan boʻlib, hoshiya ichiga toʻrt tomonidan tashqariga bargsimon bezatilgan kvadratcha ichiga esa arabiy harflarida “Arslon xoqon” soʻzlari bitilgan. Tanganing bu tomonidagi hoshiya tashqarisidagi arabiy harflar chekilgan yozuvlar ham oʻchib ketgan.

Mazkur tanganing zarb etilish davri Qoraxoniylar hukmdori Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon nomi bilan bogʻliq. U 1102-1130-yillarda Movarounnahrni boshqargan. Tanganing zarb etilish davri unda zikr etilgan Arslon xoqon nomi orqali oʻz tasdigʻini topadi. Tanganing tahlili oʻsha davrda bu hukmdor “Arslon xoqon” deb nomlanganini koʻrsatadi. Bu maʼlumot ham tariximizni oydinlashtirish uchun muhim ashyoviy dalil sanaladi.

Topilmalar aniqlangan Shohruxiya yodgorligi milodiy II asrlardayoq mustahkam boshqaruv tizimi, yaʼni qarorgoh — ark va aholi yashaydigan qism — shahristondan iborat shahar boʻlgan. IX-XII asrlarda shahar rivojlanib, Banokat nomi bilan mashhur boʻlgan va shu nom bilan tangalar ham zarb qilingan. Moʻgʻullar davrida vayron etilgach, Amir Temur hukumronligi davrida qayta tiklanib, Shohruxiya nomini olgan. XVIII asrga kelib esa yana xarobaga aylangan. Ushbu shahar oʻz vaqtida janubdan Toshkent vohasiga kirib kelinadigan karvon yoʻli va Turonning shimoliy oʻlkalari nazorat qilinadigan qoʻrgʻon-shahar vazifasini bajargan. Ehtimol shahar ahli orasidagi savdogar yoki amaldor bu topilgan tangalarning egasi boʻlishi mumkin.

Dilmurod NORMURODOV,

Fanlar akademiyasi Tarix instituti boʻlim boshligʻi