Qayd etilganidek, bugungi kunda qoʻriqlash faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibini belgilovchi amaldagi qonunchilik hujjatlari tizimlashtirilmagan, qoʻriqlash faoliyatining asosiy prinsiplari qonun hujjatlarida belgilanmagan.

Obyektni, mulkni va shaxsni qoʻriqlayotgan xodimlar tomonidan davlat majburlov choralarini koʻrish, kadrlarni tanlash, tayyorlash va xodimlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish masalalari qonun darajasidagi hujjat bilan tartibga solinmagan. Bu esa qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi.

Shundan kelib chiqib mazkur qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjatda qoʻriqlash faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish, qoʻriqlash faoliyati turlari, uni amalga oshiruvchi subyektlarning huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan qoʻriqlash faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishning qonuniy asoslari yaratiladi. Qoʻriqlash faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari va subyektlarining huquqiy maqomi belgilangan holda, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy daxlsizligini taʼminlash boʻyicha huquqiy mexanizm shakllantiriladi.