Qonunga koʻra, qoʻriqlash faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

▫️jismoniy shaxslarning hayotini va sogʻligʻini tajovuzlardan himoya qilish;
▫️jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini hamda obyektlarini tajovuzlardan himoya qilish;
▫️qoʻriqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish;
▫️yuridik shaxslarning qoʻriqlanadigan obyektlarida nazorat oʻtkazish va obyektning ichki rejimlarini taʼminlash.

Qoʻriqlash sohasidagi davlat siyosatini Milliy gvardiya amalga oshiradi.

Qoʻriqlash faoliyatini chet davlatlarning jismoniy shaxslari va tashkilotlari, shu jumladan xususiy tashkilotlari tomonidan amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari boʻyicha shartnoma asosida qoʻriqlash faoliyatini Milliy gvardiya amalga oshiradi.

Qonunga muvofiq, qoʻriqlash shartnomasiga muvofiq qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar oʻz harakatlari (harakatsizligi) natijasida qoʻriqlanadigan obyektga yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplashi shart.

Davlat organlari qoʻriqlash boʻlinmalarining harbiy xizmatchilari va xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qoʻllash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Qoʻriqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifani bajarish uchun xizmat itlaridan foydalanishi mumkin.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.