—Maʼlumki, Prezidentimizning “Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zoʻrlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 2-iyuldagi qarori asosida Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil etilgan.
Markazlarning asosiy maqsadi — ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, oilaviy muammolar va turmushida zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan, oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan yoki oʻz joniga qasd qilgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam koʻrsatishdan iboratdir.
Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi tomonidan taqdim qilingan maʼlumotga koʻra, Markazning Toshkent shahar boʻlimidagi qoʻriqlash xizmati va boshqa xodimlarga oylik maosh toʻlash homiylik mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Baʼzi sabablarga koʻra, 2020-yilning avgust oyidan buyon qoʻriqlash xizmati xodimlariga oylik maosh toʻlanmaganligi sababli 2021-yil 9-fevral kuni mazkur xodimlar ishga chiqishmagan.
Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida joriy yilning 10-fevral kuni Markazning qoʻriqlash xizmati xodimlarining oylik maoshi masalasi ijobiy hal qilingan hamda shu kundan boshlab Markaz binosini odatdagi tartibda qoʻriqlash davom ettirilmoqda.