Qorovullik xizmatlari huquqbuzarliklar haqidagi xabarlar uchun moddiy rag'batlantiriladi

    Vazirlar Mahkamasining 14.10.2022-yildagi 598-son qarori bilan Davlat organlari va tashkilotlari idoraviy qorovullik bo'linmalarining huquqbuzarlik va hodisalar yuzasidan ichki ishlar organlari va O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo'linmalarini xabardor qilish hamda o'zaro hamkorlik qilish tartibi haqidagi nizom tasdiqlangan.

    Qorovullik bo'linmalari davlat organlari va tashkilotlarida jinoyatlar, huquqbuzarliklar, shubha uyg'otuvchi va qidiruvdagi shaxslar, avariyalar, yong'inlar, halokatlar va boshqa noxush holatlar aniqlanganda:

    • darhol hududiy ichki ishlar organining navbatchilik qismiga xabar beradi;
    • ichki ishlar organlari yoki Milliy gvardiya xodimlari etib kelgunga qadar huquqbuzarlik va hodisalarning izlari saqlanishini ta'minlaydi;
    • ichki ishlar organlari yoki Milliy gvardiya xodimlariga hodisa yuzasidan axborot beradi;
    • tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etadi, odamlarni evakuatsiya qilishda yordam ko'rsatadi.

    Berilgan xabarlari jinoyat sodir etgan yoki qidiruvda bo'lgan shaxslarni aniqlashda, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlarni bartaraf etishda muhim o'rin egallagan qorovullik bo'linmalari xodimlariga bir martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovg'alar berilishi mumkin.

    Hujjat Qonun hujjatlari milliy ma'lumotlar bazasida e'lon qilingan va 15.10.2022-yildan kuchga kirgan.