Toshkentda odamlarga pichoq bilan hujum qilgan mast erkak 10 sutkaga qamaldi

    Voqea-hodisalar 21 Aprel 2025 615

    Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab boʻldi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 18-aprel kuni 1958-yilda tugʻilgan X.S. mast holatda boʻla turib, avtoturargoh qorovuli va boshqa fuqarolarni oshxona pichogʻi bilan qoʻrqitib, jamoat tartibini buzgan. Soʻng voqea joyidan qochib koʻp qavatli uylardan biriga kirib ketgan.

    Koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro X.S. ushlanib, yaqin oradagi IIBga olib borilgan. X.S. tomonidan pichoq bilan hech kimga tan jarohati yetkazilmagan.

    Mazkur holat yuzasidan X.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183 (“Mayda bezorilik”), 194 (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) va 185 prim 2 (“Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurish”) moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tumani sudiga taqdim etilgan.

    Sud tomonidan ushbu shaxsga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.