U haqida baʼzan tutumi erkakcha edi, degan soʻzlar quloqqa chalinib qolishi ham bor gap. Chunki u mard edi. Baʼzi erkaklarnikidan ziyodroq mardonavorlik bor edi opada. Haq boʻlsa birovga soʻzini bermaydigan jurʼati, qatʼiyati bor edi.

  Yoshi oʻn oltiga yetmay oʻzi tugʻilib oʻsgan Poloson qishlogʻida harbiyga ketgan mexanizatorning traktorini minib, brigadasi yukini yengil qilgan ham shu qiz edi.

Yigirma yoshida yoshlar brigadasiga yetakchi boʻlib, qoʻriq joylarda dehqonchilikni boshlagan, yerni ajriqdan tozalash uchun mablagʻ topolmay, mexanik otasiga mukofotga berilgan avtomashinani sotib, ish haqi sifatida tarqatgan ham Lolaxon edi. Tun yarmida yolgʻiz oʻzi tomorqachilar bilan suv talashib yoqalashgan ham shu Murodova...

Bunday hollar koʻp boʻlgan va ularning har biri aytishga, ibrat boʻlishga arzigulik voqea.

Albatta, u avvalo, ayol edi. Nozik did, yumshoq dil, sarishta, boshidan oppoq roʻmoli tushmaydigan ayol edi. Qaqroq dasht yerga brigadir boʻlgach, shiyponi oldida kichik paykalcha ochib, qishloqdagi serunum yerlardan tuproq tashidi. Gulu, rayhon, oʻsma-yu xina ektirdi. Qizlarga kerak-da. Velosipedda chelaklab suv keltirib qoʻyardi.

Taqdiridan nolimas, koʻziga yosh olmasdi. Yoʻq, bir marta yosh oldi. Viloyatda boʻlib oʻtgan paxtakorlarning qurultoyida. Yoshlar brigadalari nomidan unga soʻz berishganda. Oltiariqning aksariyat xoʻjaliklari Katta Fargʻona va Janubiy Fargʻona kanallaridan suv ichadi. Yayrab-yashnab dehqonchilik qilishadi.

Faqat Lolaning brigadasi yerlarining kuni zaxob suvlarga qolgan. Dalasi zafaron, begona oʻtu, ajriq kavlagan odamlarining tortayotgan azobi adoqsiz. “Qachongacha shunaqa boʻladi?” deya, oʻksinib yurardi. Minbarga chiqqach, bu oʻksik koʻzidan yosh boʻlib qoʻyildi. “Qachongacha” deya, soʻzini davom ettirolmay qoldi.

Oʻsha paytdagi viloyat birinchi rahbari — Hamdam Umarov bir stakan suv keltirib, qizga uzatdi. Yon dastroʻmolini olib, qoʻliga tutqazadi.

— Yoshingni art qizim. Darding nima, bizga shuni ayt. Koʻplashib davosini toparmiz.

Bu daldadan oʻziga kelgan Lola:

— Dalamiz Fargʻona kanalidan ikki chaqirim narida. Shovillab oqishini eshitamiz, koʻramiz. Ammo bir tomchi suviga zormiz. Zaxob suv ichamiz, yer sugʻoramiz. U ajriqning onasi. Yiliga gektaridan yetmish tonnagacha ajriq teramiz.

— Zax suv ajriqning onasi, degin. Xoʻsh nima qilaylik?

— Bitta nasos, kichkinagina nasos stansiyasi qurish shunchalik qiyinmi? Uchramagan rahbarim, bosh urmagan eshigim qolmadi. Ha, nima emish, Moskov ruxsat bersa qurilarmish.

— Shumi darding?

— Shu.

Hamdam Umarovich zalga yuzlandi.

— Viloyat suv xoʻjaligi, kanal boshliqlari, arxitektor, shu yerdamisizlar?

Aytilgan kishilar oʻrinlaridan turishdi.

— Qurultoydan keyin hammamiz mana shu qizimning dalasiga boramiz. Masalani oʻsha yerda hal qilamiz. Sen esa, isming nimaydi ?

— Lola... Lola Murodova.

— Lola qizim, hozir dalangga qayt. Bizni kutib olasan.

Viloyat rahbari uni ikki bor qizim deganidan qoʻsh qanot chiqarib, dalasiga uchdi. Hamisha hamroh dugonasi Manzuraga qurultoyda qanday yigʻlab bergani haqida maqtanib ulgurmasidan dalasiga viloyat, tuman rahbarlari, mutasaddi kishilar yetib kelishdi.

Maʼlum boʻlishicha, suv tortish stansiyasi qurish haqida avval ham gap boʻlgan, loyihalar qilingan, hamma muammo unga ketadigan xarajat — bir yuz oʻttiz ikki ming soʻmga qadalib qolgan ekan. Bunga Respublika suv xoʻjaligi va moliya vazirliklari, Respublika va nihoyat SSSR otliq hukumatning tegishli tashkilotlari ruxsat bermayotgan emish.

Hamdam Umarovich tutaqib ketdi:

— Byurokratlar! Oblast moliyachisi, suv xoʻjaligi rahbari bugunoq oʻz rahbarlaringizga xat tayyorlang. Oʻzim imzo qoʻyaman. Ularda shu pul topilmasa, oʻzimizning zaxira fondimizdan olinglar. Bir oy muddat, nasos stansiyasi qurib bitkazilishi shart.

Bu soʻzdan sarosimaga tushganlar ham boʻldi.

Viloyat rahbari davom etdi.

— Yana bitta gap. Shu kungacha hech bir koʻcha, inshoot xoʻjalikka hayot odamning nomi qoʻyilmagan. Ammo biz bugun qoʻyamiz. Boʻlajak nasos stansiyasi Lola Murodova nomida boʻlsin. Nima deysizlar ?

Hamma baland kayfiyatda qarsak chaldi. Lola Murodova ham. Ammo qachondir bu qarsakning badalini toʻlayman deb oʻylamagandi. Oʻzbekiston boshiga balo boʻlib yopirilgan mudhish “paxta ishi” uni ham chetlab oʻtmadi.

“Nima emish, Lola Murodova oʻsha koʻz yoshini artib qoʻygan Hamdam Umarovichga pora berib, oʻz nomiga nasos stansiyasi qurdirganmish”.

Qanchalar tuturiqsiz ayblov-a. 100 soʻmga yetib-yetmay maosh oladigan bechora brigadir qanaqasiga pora bersin. Kulgilimi? Yoʻq. Yigʻlagulik.

Uni “desantchilar” uya qurib olgan Qirguliga soʻroqqa chaqirishdi. Urush koʻrgan otasi Neʼmat Murodov birga keldi. Soʻroq xonasiga ham birga kirdi. Tergovchi harchand urunmasin, bu qaysar cholni xonadan chiqarib yuborolmadi.

— Xoʻsh Lola Murodova, mashʼal brigadir ekansiz-da!? Butun boshli suv tortish stansiyasi sizning nomingizda emish. Qanchaga qurdirgansiz?

— Bir yuz oʻttiz ikki ming soʻmga deyishgandi.

— Oʻh-hu. Katta mulk-ku, Xudoyorxoningizdayam buncha pul boʻlmagandir.

— Unisini bilmadim.

— Bilmadim emish.

  • Umarovga qancha uzatgansiz?

Shu yerga kelganda Neʼmat ota chidolmadi.

— Hoy prokuror bola, sen nima deyayotganingni bilyapsanmi? Oyligi oʻziga yetmaydigan, boriniyam brigadasiga beradigan shu qiz qanaqasiga pora bersin?

Tergovchiyam past kelmadi.

— Bilganimdan aytyapman. Mana dalil. Mana guvohlarning koʻrsatmasi, — deya qogʻoz titkilashga tushdi. — Bular bilan qizingga qoʻshib, seniyam qamoqqa tiqishga dalillarim yetarli.

— Qama, men frontchini qama. Ammo qizimni tinch qoʻy. Toʻxta, sen oʻzi qayerdansan?

Neʼmat otaning frontchiligi, vajohati, koʻksiga urib rus tilida ravon soʻzlayotgani “desantchi”ni hovuridan biroz tushirdi.

— Aytaylik, Dnepropetrovskdan, nimaydi?

— Hoy bola, men toʻrt yil jang qildim. Aynan sening shahringni deb qon toʻkdim. Sen esa mening gunohsiz hamqishloqlarimni, qizimni qoraga koʻmib qon yigʻlatyapsan. Insofing bormi?!

Frontchining oʻqdek otilgan soʻzlariga tergovchi ortiq dosh berolmadi.

Qoʻlida silkitib turgan qogʻozlarni bir-bir yirtib, yonidagi savatchaga tashladi.

— Boʻshsizlar!

— Qizim hammi?

— Ha, koʻrdingizku, dalillarni yirtdim. Yana nima qilay.

Lolaning mushtdekkina boshiga tushgan koʻrguliklardan bittasi edi bu.

U oʻzini palaxmon toshiga oʻxshatardi. Tumandagi biron jiddiy yigʻilishga kirishga yuragi bezillardi. Qaysi xoʻjalik yo uchastka oʻtirib qolsa asqotadigan Lola Murodova edi. Palaxmon qoʻlida boʻlganlar uni oʻsha yoqqa irgʻitishardi. Roziligini soʻrab ham oʻtirishmasdi.

Enajarga kelib qolishiyam shunday boʻlgan. Unda bu yerlar Kirov nomli xoʻjalik deyilardi. Mehnat boru, unum yoʻq edi. Yerga yer qoʻshilmasdi. Har yil reja qirq-ellik foizdan oshmasdi.

— Lolaxon Enajarga borasiz, — deb qoldi tuman kattasi Usmonjon Begmatov.

— Usmonjon aka, biror marta roziligimni soʻraysizlarmi, — noliganday boʻldi Lola. — Kanaldan suv olib Polosonda yayrab qoluvdik. Endi Enajarning uchar qumlariga roʻpara qilyapsizmi?

— Polosondayam oʻn yettita erkak boshqarib eplolmagan ishni siz uddalagandingiz. Uchar qumlar qanotini qayirib olish ham qoʻlingizdan keladi. Odamlar sizga ishonadi. Ortingizdan borishadi.

Unda suyangan togʻi –otasi hayot edi. Dalda boʻldi.

— Koʻz qoʻrqoq deyishadi. Hamma gap qoʻlda. Qoʻlingga ishon. Yoningda men borman.

Uchar qumlar qanotini qayirish oson kechdi deysizmi? Gap faqat qoʻlda emas ekan. Kunu tun traktoridan tushmagan, haftalab kirza etigini yechmagan hollar koʻp boʻldi. Nima qilsin, xoʻjalik boshligʻi ham, traktorchisi ham oʻzi. Unga ergashib, Enajarga kelgan tengqurlaru onasi tengilar uchun boshpanasi yoʻq biyday dalada nolimaydigan odamlarga mehribon ham oʻzi...

Shiypon masalasi. Lola Murodova boshliq boʻlib kelganda xoʻjalikda bitta keksa chinoru omonat kapadan boshqa narsa yoʻq edi. Avvalgi ayrim raislar shinamgina uyidan qatnar, chamasi xoʻjakoʻrsinga dalasiga kelar, shunda ham oʻzi uchun ekkan polizdan xabar olib qaytardi. Ahvol shu boʻlgach, reja qirq-ellik foizdan oshmaydi-da.

Lolaning birinchi ishi har yoqqa bosh urib, ikkita keng palatka topish boʻldi. Unga ishonib kelgan oʻttizga yaqin erkagu ayolga alohida-alohida boshpana kerakda. Axir Poloson bilan Enajar orasi oʻn besh chaqirimdan ziyod. Tashuv transporti — pritsepli traktor.

Xoʻjalik boshiga katta talafot tushmaguncha peshonasiga shiypon bitmadi.

...Gʻoʻza ayni shonalagan paytda uchar qumlar ucharligini qildi. Oltiariqda shamol tursa, Enajarda dovulga aylanadi. Oqshom boshlangan shamol, tunda boʻron boʻlib, xoʻjalik ekinlarini payhon qildi. Dovul tinmay dalasi boshiga kelgan Lola unda-bunda qumlar tagidan bosh koʻtarib turgan gʻoʻza choʻplariga qarab yigʻladi, unsiz yigʻladi. Mehnatiga, qadriga, uni qora tortib kelgan odamlar taqdiriga kuyundi.

Ixota uchun koʻproq daraxt ekaylik dedi, boʻlmadi. Odamlari haliyam shamol u yogʻidan kirib, bu yogʻidan chiqadigan palatkalarda jon saqlayapti. Necha bor zorilladi, boshpana qurish haqida gap boʻlmadi. Avval mototsiklini tarillatib otasi, ortidan, tuman kattasi Usmonjon Begmatov yetib keldi. Lola ularga dardini toʻkib soldi.

— Tunu kun boshimizda shamol oʻynaydi, quyoshning ayovsiz tigʻi kuydiradi. Yeganimiz gʻij-gʻij qumli ovqat, ichganimiz zaxob, goʻdaklarning atalasidayam qum, ularning gunohi, bizning aybimiz nima, palaxmon toshiday itqitilib, borgan joylaringda kuningni oʻzing koʻr deganlaringmi?

Tumanning kattasi haydovchisiga nimadir deb, iziga qaytardi.

— Kuyinmang, — dedi u. Hozir tumanning barcha kattalari, qoʻshni xoʻjaliklar texnikasi-yu, odamlari yetib kelishadi. Chigitni boshqatdan ekamiz.

— May oyida-ya?

— Iyunda boʻlsayam.

Uchchovlashib, ikki yuz oltmish gektarlik ekinzorni koʻrib chiqquncha, aytilgan odamlar ham yetib kelishdi.

— Oltiariqda oltita qurilish tashkiloti bor, rahbarlari shu yerdami, — soʻradi u. Oʻrnidan qoʻzgʻolgan odamlarga qarab:

— Sizlarga qirq kun muhlat, — dedi.

— Arxitektor bilan kelishib, oʻz hisobingizdan bittadan dala shiyponi qurib berasizlar. Hamma sharoiti boʻlsin. Shu muddatda bitkazmasangiz Belariqqa (Nurli obodning avvalgi nomini shunday atashardi) kelib, Lola Murodovaning qoʻlida brigadirlik qilasizlar. Eʼtirozlar, savollar boʻlmasa kerak, — soʻziga nuqta qoʻydi rahbar.

Usmonjon Begmatov soʻzi oʻtadigan, aytganini qildiradigan odam edi.

Hamma yeng shimarib, ishga kirishdi. Oʻsha yil paxta ham boʻldi, shiyponlar ham qurildi. Nurli obodning poydevoriga gʻisht qoʻyildi.

Soʻng... Lola Murodovaning Enajarni “Nurli obod” qilguncha oʻtgan har bir kuni mehnatga, mashaqqatga toʻla oʻtdi. Bular balandparvoz soʻzlar emas, uni yosh qizaloqligidan bilgan odam sifatida aytyapman.

Rohatli kunlar ham boʻldi. Qadr topdi. Qator ordenlar, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjalik xodimi, xatto, Oʻzbekiston Qahramoni unvonini olganini ham dalasida turib eshitdi. Yurtboshimizni shu yerda kutib oldi. Bunday sharafga munosib edi u.

Oʻzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova bilan hamkorlikda Lola Murodova haqida pyesa yozdik. U Fargʻona viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtiriladigan boʻldi. Enaxonu, teatr jamoasi jam boʻlib, “Nurli obod”ga qayta-qayta bordik. Uning nomiga atalgan spektaklda kuylangan qoʻshiq ham aynan shu yerda tugʻildi. Oʻsha kezlari Lolaxonning tasodifan aytgan bir soʻzi yodimdan ketmaydi.

— Juda koʻp telefon boʻladi, — degandi u. — Vodiyni qoʻying, vohadan, Surxonu, Qarshidan soʻrashadi. Siz haqingizda juda koʻp eshitamiz. Borsak, koʻrsak, siringizni bilsak deyishadi. Menda sir nima qilsin. Oddiy mehnatda hammasi... Kelinglar, koʻringlar deyman. Koʻrsatib, maqtanadigan dalam bor. Gohida oʻylab qolaman. Shu fermerlar maktabini ochsammi deb. Xudo umr berib tursa ochaman ham. Tirikchilik qidirib, atrofga bosh urib yurgan yoshlarga nafi tegib qolar deymanda.

Afsuski... Umri vafo qilmadi. Ammo yaxshi niyat yerda qolmas ekan. Uning ezgu maqsadlari bugun amalga oshish arafasida.

Lola Murodova hayotining ayrim nuqtalariga yugurik nazar tashladim. Koʻz oʻngimda uning boshda oppoq roʻmoli, kirza etigi toʻpigʻigacha tuproqqa botib, dalasini tinmay kezayotgan, “Nurli obod”ni nurli qilgan, nurli siymosi gavdalanib turadi.

                                                                            Saydali ODILOV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi