2022-yilning 1-aprel sanasidan keyingi holat aks etgan ushbu jadvalda ayni damda kuchli 100 likdan ikki nafar oʻzbekistonlik shaxmatchi oʻrin olgan. Bular jahonning 17-chempioni, xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonov hamda yaqinda rapid yoʻnalishi boʻyicha dunyodagi eng yosh chempionga aylangan Nodirbek Abdusattorovdir.

Eʼtiborli jihati, yangilangan reytingda oʻzbekistonlik shaxmatchilar orasida peshqadam oʻzgardi. 1997-yilda FIDE reytingida Oʻzbekistonning eng yuqori ballga ega shaxmatchisi maqomini qoʻlga kiritgan Qosimjonov chorak asrdan soʻng oʻrnini yosh va iqtidorli izdoshiga boʻshatib berdi.

FIDEning yangilangan reytingida xalqaro grossmeyster N.Abdusattorov (2004-yilda tugʻilgan) 2 661 ball bilan 74-oʻrinni egallab turibdi. Oʻtgan oyda u 92-oʻrindan joy olgandi. Rustam Qosimjonov (1979-yilda tugʻilgan) esa 2 656 reyting bali bilan 82-pogʻonaga tushdi. Bir oy avval 17-jahon chempioni 77-oʻrinda qayd etilgandi. TOP-100talikda Nodirbekdan yosh bironta ham shaxmatchining yoʻqligi bizni yanada xursand qiladi.

FIDE 20 yoshgacha boʻlgan shaxmatchilarning reyting oʻrinlarini ham alohida hisoblab boradi. Eng kuchli yosh shaxmatchilar orasida Nodirbek ayni paytda 4-oʻringa koʻtarildi. Shuningdek, yosh shaxmatchilar orasida TOP-100talikdan yana uch nafar shaxmatchimiz oʻrin olgan:

4 (oʻtgan oydagi oʻrni – 7). GM Nodirbek Abdusattorov (2004) – 2661,

11 (10). GM Nodirbek Yoqubboyev (2002) – 2630,

17 (16). GM Javohir Sindorov (2005) – 2609,

25. GM Shamsiddin Vohidov (2002) – 2536.

Rapid yoʻnalishida faqat Nodirbek Abdusattorov kuchli yuzlikda qayd etilgan, u 2670 ball bilan 37-oʻrinni egallab turibdi.

Blis yoʻnalishida 4 shaxmatchimiz kuchli yuzlikdan joy olgan:

36. Rustam Qosimjonov – 2681.

45. Nodirbek Abdusattorov – 2663.

71. Javohir Sindorov – 2630.

96. Shamsiddin Vohidov – 2611.