Qotillik uchun qamalgan 24 yashar mahkum qamoqda oʻz joniga qasd qildi!

    Ijtimoiy hayot 26 Dekabr 2023 631

    Mahkum F.Q. jazo muddatini oʻtashi davomida 23-son mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonaning psixiatriya boʻlimida 2 marotaba davolangan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Navoiy shahrida 25-dekabr kuni soat 14:40larda 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan mahkum oʻz joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda mahkum choyshabdan sirtmoq yasab, kamera derazasiga oʻrnatilgan temir panjaraga oʻzini osishi oqibatida vafot etgani qayd etilgan.

    Aniqlanishicha, 24 yoshli mahkum Samarqand viloyati Toyloq tumani sudining 2021-yil 10 noyabrdagi hukmiga kura, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam oʻldirish) va 60-moddasi (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) bilan 14-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

    Ombudsmanga taqdim qilingan maʼlumotlarga koʻra, marhum F.Q. muqaddam ruhiyatning oʻzgarishi bilan bogʻliq boshqa kasalliklarga moyilligi boʻlgan mahkumlar roʻyxatida turgan. Mahkum F.Q. jazo muddatini oʻtashi davomida 23-son mahkumlarga moʻljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonaning psixiatriya boʻlimida 2 marotaba davolangan.

    Marhumning oila aʼzolari uning jazo muddatini oʻtashi davomida qisqa va uzoq muddatli uchrashuvga kelishmagani, faqatgina mahkum F.Q. ular bilan 6 marotaba telefon orqali suhbatlashgani aniqlandi.

    Shuningdek, marhumning noodatiy xatti-harakatlari sababli muassasadagi boshqa mahkumlar u bilan bir kamerada oʻtirishni istamaganligi sababli mahkum F.Q. 2023-yil 24-dekabr kunidan buyon alohida saqlangan.

    Hozirda holat yuzasidan maxsus prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari olib bormoqda.

    Ombudsman yuqorida qayd etilgan xabarlar yuzasidan tekshiruv har tomonlama, toʻliq va qonuniy oʻtkazilishini nazorat qiladi, deb yozadi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati.