Transport vazirligi xabariga koʻra, Toshkent yerusti metrosining “Qoʻyliq – Quruvchilar” uchastkasidagi 5 ta bekat foydalanishga topshirildi
Toshkentda metropoliten tarmogʻi 66,74 kmga, bekatlari soni esa 48 taga yetdi. 2016-yilgacha boʻlgan koʻrsatkich – 38 km va 29 ta bekatdan qariyib ikki barobarga koʻpaydi. Kunlik yoʻlovchilar soni esa 3 baravardan koʻpga ortdi va bugunga kelib 620 mingdan ziyodni tashkil etmoqda. Bu oxirgi 6 yildagi islohotlar va jadal harakatlar natijasidir.
Qayd etish joiz, 2020-yil avgustida Oʻrta Osiyoda ilk marotaba estakada uslubidagi Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Shu yili dekabr oyida esa Sergeli yoʻli ochildi. “Doʻstlik – Qoʻyliq” uchastkasi foydalanishga topshirildi.
Bugun, 25-aprel kuni esa ushbu loyihaning davomi sifatida 7,74 kilometrlik “Qoʻyliq – Quruvchilar” uchastkasidagi 5 ta yangi bekat (8-12-bekatlar) ishga tushirildi.
Yangi bekatlarning har biri oʻziga xos dizaynga ega, keng, yorugʻ va fayzli. Ularga zamonaviy lift va eskalatorlar oʻrnatilgan. Imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun ham qulayliklar yaratilgan.
Hozir 12-bekatdan keyingi 3,64 kilometrlik “Quruvchilar – Qipchoq” uchastkasida ham bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda
Yer usti metrosi qurilishining ikkinchi bosqichi toʻliq yakunlanishi bilan Toshkent metropolitenining uzunligi 70 kilometrdan ortadi, bekatlar soni esa 50 ta boʻladi.