Delegatsiya aʼzolari ishtirokida bino boʻylab ekskursiya tashkil etildi. Shuningdek, Hunarmandlar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Bundan tashqari, vakillarimiz Qozogʻiston Parlamenti Majlisi Raisi oʻrinbosari B.Kesebayeva, Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi turizm boʻyicha faxriy elchisi L.Axanova va Olma-ota shahar ishbilarmon ayollar kengashi raisi oʻrinbosari A.Eraliyeva bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.
Uchrashuvlarda ikki mamlakat parlamentlari palatalarining tegishli qoʻmitalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, axborot almashish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda turkiy davlatlar muammolarini birgalikda hal etish yoʻllarini izlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, tibbiy, turizm, ilmiy, madaniy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida urgʻu berdi.
Bundan tashqari, vakillarimiz Qozogʻiston ishbilarmon ayollar uyushmasi aʼzolari bilan ham uchrashdi.
Uchrashuv davomida har ikki mamlakatda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi, bu borada muntazam fikr hamda ilgʻor tajribalar almashishga, joriy yil ikkinchi yarmida Oʻzbekiston va Qozogʻiston tadbirkor ayollari biznes-forumini oʻtkazishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.