Qozog‘iston Bosh vaziri Askar Mamin rahbarligidagi hukumat komissiyasi COVID-19 munosabati bilan yangi cheklov choralarini joriy etish bo‘yicha qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«Kelgusi yilning yanvar-fevral oylarida gripp kasalliklarining ko‘payishi natijasida koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni oshishi mumkin», deb xabar bermoqda hukumat rasmiy sayti.

Shu sababli 25 dekabrdan 5 yanvargacha ko‘ngilochar tomoshalar, sport va ommaviy marosimlar, shu jumladan Yangi yil tadbirlari va bayram tantanalarini o‘tkazishga ta’qiq joriy etildi.

Komissiya, shuningdek, COVID-19ga qarshi dori vositalari narxini 24 foizgacha arzonlashtirish bo‘yicha ham qaror qabul qilgan.

Xabar qilinishicha, bugungi kunda Qozog‘iston koronavirusga qarshi o‘zi ishlab chiqargan «QazCovid-in» vaksinasining uchinchi bosqich sinovlarini o‘tkazmoqda. Shuningdek, 22 dekabrdan boshlab Rossiya vaksinasini birgalikda ishlab chiqarishga start beriladi.