Sohaga energotejamkor, zamonaviy ilgʻor texnalogiyalarni joriy etish, gaz taʼminoti faoliyatini transformatsiya qilishga eʼtibor kuchaydi.
Bunga Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar yaqqol misol boʻladi. Gap shundaki, bugungi kunda viloyatda 7 ta gaz toʻldirish inshooti boʻlib, ularning oylik gaz toʻldirish quvvati 7 ming 800 tonnani, gaz saqlash quvvati esa 1 ming 200 tonnani tashkil etadi.
Qumqoʻrgʻon tumanida joylashgan stansiya mazkur tumandan tashqari Shoʻrchi tumani aholisi uchun ham xizmat koʻrsatadi. Stansiyada bir kunda 50-60 tonna, bir oyda esa 1000-1200 tonna suyultirilgan gaz toʻldiriladi. Bu gaz ballon hisobida 50 mingtani tashkil etadi. Yana bir maʼlumot. Oʻtgan 2022-yilda mazkur stansiya orqali 12 ming 052 tonna suyultirilgan gaz isteʼmolchilarga yetkazib berilgan yoki 602 ming 551 dona gaz ballon toʻldirilgan.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali tomonidan “Qumqoʻrgʻon-Oqjar” gaz toʻldirish stansiyasida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, aholiga qulayliklar ham yaratilmoqda. Mazkur gaz toʻldirish inshootiga Shoʻrtan va Muborak gaz korxonasidan temir yoʻl orqali gaz yetkazib beriladi. Oʻz navbatida, bu yerda uni qabul qilib olish, joylashtirish, saqlash uchun yetarli sharoit ham yaratilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Surxondaryo viloyatida 593 ming 486 ta gaz isteʼmolchisi bor. Shundan 591 ming 371 tasi aholi, 2 ming 115 tasi ulgurji isteʼmolchilardir. 475 mingdan ziyod aholi xonadonlari esa suyultirilgan gaz bilan taʼminlangan. 2022-2023-yillar kuz va qish mavsumida viloyatdagi gaz isteʼmolchilariga 38 ming 348 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan boʻlsa, 2022-yil holatiga koʻra, 75 ming 155 tonna, joriy yilning yanvar oyida 6 ming 172 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan.
Shuningdek, gaz toʻldirish stansiyadagi har bir jarayon jumladan, gaz saqlash, uning xavfsizlik choralari, gaz ballon toʻldirish va ballonlardagi qoldiqlarni boʻshatish texnologiyalarini doimiy kuzatib turadigan 23 kuzatuv kameralar nazorat qilib boradi.
Aytish kerak, bugun suyultirilgan gaz toʻlovlari ID kartalar orqali amalga oshirilmoqda. 2022-yilda 475 209 nafarga yaqin aholiga “ID” karta tarqatildi va 576 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlarga maxsus stiker yopishtirildi.