Quyosh nuri allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin

    Jazirama paytida quyoshdan himoyalanish muhim. Ayniqsa, yuqori darajadagi ultrabinafsha nurlari allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi bilan xavfli.

    Shu kunlarda yurtimiz boʻylab anomal issiq ob-havo kuzatilmoqda. Jazirama hafta davomida saqlanib turishi prognoz qilinyapti.

    Albatta, bunday paytda quyoshdan himoyalanish muhim. Ayniqsa, yuqori darajadagi ultrabinafsha nurlari allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi bilan xavfli.

    Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu haqda maʼlumot berdi.

    — Bunday sharoitda terining quyosh nuriga taʼsirchanligi oshadi, — deydi mutaxassis. — Shu tufayli fotodermatoz kasalligi yuzaga kelishi mumkin. Yaʼni ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan oʻzaro taʼsirga kirishib, allergik reaksiya paydo qilishi ehtimoli yuqori.

    Fotodermatoz koʻkrakning yuqori qismi, boʻyin, qoʻl sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dogʻ, kuyish koʻrinishidagi turli toshmalar, baʼzan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar yuzaga kelishi bilan namoyon boʻladi.

    Toshmalar quyosh nuri taʼsir qila boshlagan ilk soatlardan to bir hafta mobaynida hosil boʻladi.

    Bu xastalik alomatlari, odatda, muolajalardan soʻng yoʻqoladi. Biroq u surunkali tus olishi ham mumkin.

    Shunday muammolardan saqlanish uchun, avvalo, soat 10:00 dan 16:00 gacha soya-salqin joylarda boʻlish tavsiya etiladi. Imkon qadar yopiqroq kiyinish zarur.

    Taʼsirchan teri uchun moʻljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq.

    Baʼzi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishi kuzatiladi. Shu bois preparatni qoʻllashdan oldin koʻrsatmalarni diqqat bilan oʻqish yoki shifokor bilan maslahatlashish kerak.

    Shuningdek, Eritromitsin, Tetratsiklin va Streptomitsin kabi dorilar ultrafinafsha nurlarini tortish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlarga issiq kunlarda kunduzi koʻchaga chiqishlari tavsiya etilmaydi.

    Agar sizda fotodermatoz belgilari paydo boʻlsa, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallariga murojaat qilishingiz mumkin.